Avvalroq prezident qarori bilan aholini bandligini ta’minlash dasturi hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2025-yilning mart-aprel oylarida 30 ming nafar kambag‘al oila a’zolari uchun o‘quv kurslarini tashkil etish belgilandi.
Xususan, hududlarda to‘rtta yo‘nalish — xorijiy tillar, elektron tijorat, marketing hamda SMM bo‘yicha bir oylik bepul masofaviy kurslar yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda sharoitga ega bo‘lmaganlar uchun tumanlardagi maktablarda kompyuter xonalari ajratiladi. O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan 5 ming nafar yoshlar 6 oylik intensiv kurslarda professional IT-kasblariga o‘qitiladi.
Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar, Bandlik, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Ijtimoiy himoya hamda Yoshlar ishlari agentliklari, shuningdek, hududlar hokimliklari mas’ul etib belgilangan.
2025−2026 yillarda intensiv kurslarga qabul qilingan kambag‘al oilalar farzandlari yuqori tezlikdagi internet bilan bepul ta’minlanadi. Bepul internet bir yil davomida amal qiladi.
Shuningdek, joriy yilning 1-avgustidan 14ta hududdagi tuman pochta aloqasi bo‘limlarida elektron tijoratga xizmat ko‘rsatish markazlari ishga tushiriladi. Ularda yirik marketpleys hamda tadbirkorlar bilan tovarlarning onlayn savdosi yo‘lga qo‘yiladi.
17-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari bilan tanishdi. Unda 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirilishi belgilandi. Fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun kichik biznes loyihalariga 120 trln so‘m kredit ajratiladi.