2025-yil uchun Germaniyadagi Ausbildung dasturiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqarolar avtomobil mexanigi hamda operatorlik sohalarida kasbiy ta’lim olish uchuna ariza topshirishi mumkin. Dastur davomida ularga Germaniya texnik bilim va tajribasi o‘rgatiladi. Mavjud ish o‘rinlari soni — 100 ta.

Nomzodlar 18−27 yosh oralig‘ida, maktabni tamomlagan hamda nemis tilidan kamida B1 darajasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, ulardan texnika sohasiga qiziqish, sudlanmagan va jismonan sog‘lom bo‘lish talab qilinadi.

Qabul qilinganlarga aviachipta xarajatlarini qoplashga hamda yashash joyi topish, viza hujjatlarini to‘plash hamda tibbiy sug‘urta olishda ko‘maklashiladi. Turar-joy va oziq-ovqat xarajatlari fuqarolarning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Dastur ishtirokchilari haftasiga 36−40 soat amaliyot o‘taydi. Birinchi o‘quv yili uchun oylik stipendiya 600 yevroni, ikkinchi yil uchun — 700 yevro hamda uchinchi yil uchun 800 yevroni tashkil etadi.

Quyidagi xarajatlar mavjud:

  • agentlik to‘lovi — BHMning 2 baravari miqdorida (750 ming so‘m)
  • viza to‘lovi — 90 yevro.

Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Batafsil ma’lumotlarni havola yoki agentlikning 282, 71 202−33−55 (10/17) telefon raqamlari orqali olish imkoni mavjud.


Avvalroq Buyuk Britaniyaning “Hops Labour Solutions” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan mavsumiy ishlar uchun tanlov natijalari uchinchi shaxslar aralashuvi haqidagi xabarlar sabab bekor qilingandi.