O‘zbekiston va Yaponiya mehnat migratsiyasi bo‘yicha “Japan Career Portal"ini ishlab chiqdi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
21-yanvar kuni agentlik direktori Behzod Musayev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akihiko Tanaka ishtirokida onlayn platformani ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Japancareer.uz” portalida mamlakatdagi mehnat migratsiyasi, ta’lim va yashash imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlar o‘zbek, rus va yapon tillarida berib boriladi. O‘z navbatida, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislar salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etiladi.
Xususan, portalda 7 ta bo‘lim mavjud hamda ulardan Yaponiyaga borishda kerak bo‘ladigan ma’lumotlar, viza turlari, ishlash huquqi, mamlakatning kundalik turmush tarzi, transport va soliqlar haqidagi ma’lumotlar, yapon tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘llanmalar joy olgan.
“Umid qilamanki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda ishga tushirilgan ushbu portal Yaponiyada o‘qish, ishlash va malaka oshirish istagidagi o‘zbekistonlik yoshlar va mutaxassislarga samarali ko‘makchi bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi JICA prezidenti Akihiko Tanaka.
Shuningdek, u Yaponiyada qishloq xo‘jaligi va keksalarni parvarishlash yo‘nalishida ishchi kuchiga ehtiyoj katta ekanligini qayd etdi. Hozir mamlakatda 6 ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar vaqtinchalik mehnat qilmoqda.
Yaponiyaning “Maxsus malakaga ega ishchi” dasturi doirasida O‘zbekiston uchun sohalar tarmog‘ini kengaytirish, yapon tili va malaka kurslari sonini ko‘paytirish, Yaponiyaning yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalarini hamkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.
“Portal yordamida yoshlarimiz qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishlari, tajribasi va mavjud imkoniyatlar bilan tanishib borishadi. Biz, [yaponiyalik ish beruvchilar] tomonidan ularning qiziqishlari asosida jo‘natilgan talabnoma bilan yillik kvotani belgilab beramiz”, — dedi Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov.
Fuqarolarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish maqsadida Yaponiyada Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan.
Hozirda Android uchun portalning mobil ilovasini havola orqali yuklab olish imkoni mavjud. Bundan tashqari, chatbot yordamida murojaatlar qabul qilinadi. Portal faoliyatini esa “Telegram”, “YouTube” hamda “Instagram” orqali kuzatib borish mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.