Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Moliya instituti bilan energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar portfeli $8 mlrddan ziyodni tashkil etadi. O‘tgan yili qabul qilingan uch yillik hamkorlik dasturida umumiy qiymati $2,4 mlrdlik 20 ta loyiha mavjud.

Agentlik orqali 2,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassis Yaponiyada o‘qib, amaliyot o‘tadi. Mamlakatdan kelgan ko‘ngillilar O‘zbekistonda ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirmoqda.

Prezident JICAning mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi. Xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

“Yo‘l xaritasi” asosida joriy va istiqbolli loyihalarni ilgari surishning yangi mexanizmlarini tatbiq etishga kelishib olindi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi JICA bilan Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash loyihasi bo‘yicha $150 mlnlik kredit shartnomasini, chorvachilik, energetika, ta’lim va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik protokolini imzoladi.

2022-yildan buyon amalga oshirilayotgan Xususiy sektor investitsiyalarini moliyalashtirish (PSIF) dasturi doirasida istiqbolli loyihalar portfelini ishlab chiqishga kelishildi.