Shavkat Mirziyoyev tibbiyot muassasalarini jihozlash va xizmatlar sifatini oshirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda qayd etilishicha, joriy yil aholi salomatligini mustahkamlash va davolash sifatini oshirish maqsadida davlat hisobidan 200 mlrd so‘m ajratilgan. Shuningdek, tibbiyotga $370 mln xorijiy investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.

Taqdimotda tibbiyot muassasalarini jihozlash bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining $100 mln mablag‘i evaziga mamlakatdagi 230ta tug‘ruq muassasasi uchun 45 turdagi 21 mingta tibbiy uskuna va 6ta reanimobil xarid qilinadi.

Germaniyaning “KfW” bankining 30 mln yevro mablag‘i hisobiga Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi 19tadan tibbiyot muassasasi yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi 862ta uskuna bilan jihozlanadi.

Yana shu bankning 13,5 mln yevro granti orqali Termiz shahrida o‘quv markazi, talabalar turar joyi quriladi. Bu markaz zamonaviy o‘quv-simulyatsiya va axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Davlat rahbari jihozlash bu masalaning faqat bir qismi ekani, ularda ishlay oladigan malakali mutaxassislarni hozirdan tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Tegishli muassasalardagi shifokor va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Uskunalardan samarali foydalanish ham muhimligi, masalan, viloyatlarda angiograflar yuklamasi o‘rtacha 34%ligi, tomograf bo‘yicha holat ham har xilligi qayd etildi.

Shu bois, hokimliklar bilan birga, davlat shifoxonalaridagi yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.