2024-yilda milliarderlarning umumiy boyligi $2 trlnga ko‘paydi, bu kuniga $5,7 mlrd o‘sishga teng. “Oxfam” tashkilotining yillik hisobotida ta’kidlanishicha, ularning boyligi bir yil avvalgiga nisbatan uch barobar tezroq o‘sgan.

O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, milliarderlar soni 204 kishiga ortib, 2769 nafarga yetdi — bu har haftada o‘rtacha to‘rtta yangi milliarder paydo bo‘lganini anglatadi. Ularning jami boyligi $15 trlnga yetdi, bu hisob-kitoblar boshlangandan buyon ikkinchi eng katta o‘sish bo‘ldi.

Bir yil oldin “Oxfam” o‘n yil ichida dunyoda birinchi trillioner paydo bishini bashorat qilgan edi. Biroq, eng boy odamlarning boyligi hozirgidek tez o‘sishda davom etsa, o‘n yildan so‘ng dunyoda bitta emas, balki beshta trillioner bo‘lishi mumkin.

Dunyoning eng boy kishilari: “Tesla” va “SpaceX” rahbari Ilon Mask, “Amazon” asoschisi Jeff Bezos, “Meta” asoschisi Mark Sukerberg, “Oracle” asoschisi Larri Ellison hamda “LVMH” rahbari Bernard Arno va uning oilasi birinchi trillionerlar bo‘lish uchun eng katta imkoniyatlarga ega.

Ehtimol, birinchi bo‘lib trillion dollarga Mask erishadi. Oxfamning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunga unga besh yildan kamroq vaqt kerak bo‘ladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, milliarderlar boyligining 60%i meros, monopoliyalar yoki “vorislar” — ta’sirli shaxslar bilan aloqalarga bog‘liq ekan. Shu bilan birga, 1990-yildan buyon qashshoqlik chegarasida yashovchi odamlar soni deyarli o‘zgarmay qolgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Global Shimoldagi eng boy aholining 1%i moliyaviy tizimlar orqali Global Janub mamlakatlaridan soatiga $30 mln mablag‘ olayotgan ekan.

Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarning qarz yuki ularning byudjetining deyarli yarmini tashkil etib, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi ijtimoiy sohalarga ajratiladigan mablag‘larni kamaytirmoqda.

Oxfam hukumatlarni tengsizlikni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishga chaqirmoqda:

  • daromad va merosga progressiv soliqlarni joriy etish hamda soliq boshpanalarini tugatish;
  • Global Janub mamlakatlariga qarz yukini kamaytirish;
  • XVJ va Jahon banki kabi xalqaro moliyaviy tashkilotlarni demokratlashtirish hamda mustamlakachilikning tarixiy adolatsizligini tan olish.

“Oxfam"ning qayd etishicha, adolatliroq global iqtisodiyot qashshoqlikka tezroq barham berish va jamiyat barqarorligini mustahkamlash imkonini beradi.