Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani sabab O‘zbekistonda kartoshka narxi oshishi mumkinligi yuzasidan tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Mazkur xabarlar yuzasidan vazirlik shuni ma’lum qiladiki, mamlakat aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi 4 mln tonnani tashkil etadi.

Qayd etilishicha, 2024-yilda mamlakatda jami 3,7 mln tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 mln tonna va takroriy ekin sifatida 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan.

Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yo‘qotish 100 ming tonna (3%) atrofida belgilangan.

2024−2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan va “Oziq-ovqat mahsulotlarini zahiralash axborot tizimi” onlayn platformasi orqali subyektlar kesimida monitoring yo‘lga qo‘yilgan.

“Zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotni ichki iste’mol bozoriga chiqarish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuborilgan”, deyiladi xabarda.

Joriy yil 20-yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan, zaxira qoldig‘i 239,2 ming tonnani tashkil qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ta’kidlashicha, O‘zbekistonga kartoshka importi faqat Qozog‘iston Respublikasiga bog‘lanib qolmagan.

Mamlakatga ayni paytda qo‘shni Qozog‘istondan tashqari Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi va Afg‘on Islom Respublikalaridan ham kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, mamlakatda kartoshka yetishmovchiligining oldini olish va o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko‘rish uchun 2024-yil 6−11-dekabr kunlari

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Eron va Pokistonga yuborildi.

Tashrif davomida erishilgan kelishuvga muvofiq, 2025-yil yanvar-may oylarida mamlakatimizga Erondan 100 ming tonna va Pokistondan 100 ming tonna jami 200 ming tonna kartoshka yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatidagi dala maydonlarida yetishtirilayotgan kartoshka hosili mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oylarida to‘liq mamlakat bozorlariga chiqariladi.