Prezident qarori bilan aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi hamda maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Qarorga ko‘ra, og‘ir toifadagi 300 ta mahallada kooperatsiya asosida 180−500 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etiladi.

Yangi tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ayrim soliq stavkalari pasaytiriladi. Ularga 2025-yilning 1-aprelidan 2028-yilgacha ijtimoiy soliq hamda ishga qabul qilinganlardan olinadigan JShODS stavkalari 1% etib belgilanadi.

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga kooperativlar ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun BHMning 10 baravarigacha (3,75 mln so‘m) miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

1-fevraldan kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ishsiz, jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini yuqori talabga ega kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu tartib ish beruvchilar buyurtmasi va banklar mijozlari ehtiyoji asosida amalga oshiriladi.

1-martdan aholini kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash jarayonlari raqamli nazoratga olinadi. 1-apreldan esa 12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Qaror bilan, 2025-yilning 1-fevralidan kasblarga o‘qitish maqsadida ajratiladigan stipendiyalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, muddati 3 oydan ko‘p davom etadigan o‘quv kurslariga qabul qilingan reyestrdagi oilalarning ishsiz a’zolariga to‘lanadi.

1-fevraldan kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy etiladi. Tizim dastlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilib, unga ishsiz aholi, jumladan, ustuvor ravishda kambag‘al oilalar a’zolari qamrab olinadi.

Mahallalarda “Farovon hayotga ilk qadam”, “Ishonch” loyihalari va “Ma'rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi amalga oshiriladi. Ular kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan.

17-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari bilan tanishdi. Unda 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirilishi belgilandi.

Bandlik vaziri Botir Zohidov vaucher tizimi butun mamlakat bo‘ylab 1-maydan joriy etilishini ma’lum qildi. Buning natijasida 220 ming nafar shaxsni kasbiy ta’limga yo‘naltirish rejalashtirilgan.