20-yanvar kuni O‘zbekistonda mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan mamlakatda ISO 14024 xalqaro standarti asosida butun hayotiy davr bo‘yicha (I tip) “Yashil belgi” mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi.

mahsulot va xizmatlarning ekologik markirovkalash standartlariga muvofiqligini ekologik markirovkalash tizimida avtorizatsiyadan o‘tgan yuridik shaxslar baholaydi.

Ekologiya vazirligi “Yashil belgi” tizimini tartibga solish bo‘yicha vakolatli organi hisoblanadi hamda unga bir qancha vazifalar yuklanmoqda.

Xususan, vazirlik ekologik markirovkalash tizimini tartibga solish hujjatlarini, shu jumladan, qoidalari, xorijiy ekologik markirovka tizimlarini tan olish hamda ekologik markirovka belgisini qo‘llash tartiblarini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, ekologik markirovkalash organlariga qo‘yiladigan talablar belgilaydi hamda ularni avtorizatsiyadan o‘tkazadi.

Vazirlik standartlarni belgilashi va unga muvofiq ekologik jihatdan afzal, resurslarni tejovchi, kam chiqitli va chiqindisiz, atrof-muhitga salbiy ta’siri kamaytirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishi va kiritishi kerak.

Shuningdek, hujjat bilan ekologik markirovka belgisi tasdiqlandi. Belgi oq fonda to‘q yashil va och yashil ranglardagi so‘zlardan iborat. Ular och yashil rangdagi to‘rtburchak shakl ichida joylashtirilgan.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach — 21-apreldan kuchga kiradi.

Mamlakatda “Yashil belgi” nomi ostida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalashni yo‘lga qo‘yish rejalari 2024-yilning sentabr oyida ma’lum qilingandi.

Avvalroq 2025-yil yakunigacha O‘zbekistonda AI-80 benzinini sotish cheklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.