“O‘zaeronavigatsiya” markazi tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish sohasida “ATM: Safe Sky” tizimi ishga tushirildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Tizim O‘zbekiston havo hududidagi harakatni rejalashtirish uchuvchisiz uchish apparatlari va o‘ta yengil uchadigan apparatlarning parvozlarini nazorat qilish imkonini beradi.
Aeronavigatsiya xizmati provayderi mutaxassislari tomonidan yaratilgan ishlanma tijorat va davlat maqsadlarida amalga oshiriladigan parvozlarni xavfsiz va samarali tashkil etishni ta’minlashi kutilmoqda.
Xususan, dastur orqali havo hududi mas’uliyat zonasidagi havo kemalari va dronlarning potensial to‘qnashuvining oldini olish va vizualizatsiya qilish mumkin bo‘ladi.
“ATM: Safe Sky” tizimi shaxsiy kompyuter, iOS va Android uchun mavjud. Mobil ilova orqali parvozlar real vaqt rejimida monitoring qilinadi.
Shuningdek, dronlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish QR-kod tizimi orqali beriladi. Dastur orqali mamlakatdagi dronlar ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgan.
Qayd etilishicha, hozirda bunday apparatlardan foydalanish uchun havo hududini qizil, sariq va yashil zonalarga tasniflash rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda dronlardan foydalanish
2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.
Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.
2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
2023-yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.
Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.