Markaziy bank ustav kapitalining eng kam miqdorini oshirmagan ikkita bankning aktiv operatsiyalarini chekladi. Bu haqda 22-yanvar kuni regulyator tomonidan tashkil etilgan media-muloqotda Banklar prudensial nazorati departamenti rahbari Nusratilla Fazilov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

2025-yilning 1-yanvaridan boshlab banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘mni tashkil etadi. Fazilovning qayd etishicha, 2024-yilda 14 ta bank ustav fondi talabiga javob bermagan, ulardan hozir faqat to‘rtta moliya tashkiloti qolgan.

Markaziy bank departamenti rahbarining ta’kidlashicha, ikkita bank “texnik sabablarga ko‘ra” ustav kapitali talabini bajarmagan. Masalan, Eronning “Saderatbank"i valyuta kursining o‘zgaruvchanligi tufayli minimum talabga yetmadi. “Poytaxt bank” esa yaqinda xususiylashtirildi, shuning uchun unga nisbatan 2028-yilgacha bo‘lgan muddat belgilandi.

Qolgan ikkita bank — “Yangi Bank” va 2024-yilda bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini olgan Qozog‘istonning “Yevroosiyo banki”. Regulyator har ikki kredit tashkiloti bilan ustav kapitali bo‘yicha talablarni bajarishga yo‘naltirilgan “chora-tadbirlar majmuasi"ni kelishib oldi.

Fozilovning ta’kidlashicha, “Yevroosiyo banki” mablag‘lari “Tenge Bank"da bo‘lib, ular mart oyiga qadar bankning ustav kapitalini to‘ldirishlari kerak. “Yangi Bank” bo‘yicha ham ustav fondini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishildi. Bu vaqtda regulyator mazkur banklarning aktiv operatsiyalarini cheklab qo‘ydi.

2023-yilning aprel oyida prezident banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. O‘sha yilning sentabridan bu 200 mlrd so‘mni, 2025-yildan esa 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.

2024-yilning aprelida Markaziy bank ushbu talablarni bajarmagani uchun 4 ta bankning operatsiyalarini cheklagandi. Moliya institutlariga aktiv va passiv operatsiyalar — kreditlar berish va depozitlarni qabul qilish taqiqlandi.

Oktabrga kelib, regulyatorning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov 5 ta bankning, jumladan, yuqorida qayd etilgan moliya tashkilotlarining aktiv operatsiyalari cheklanganini ma’lum qildi. Shuningdek, 8 ta bank 2024-yil yakuniga qadar zaxiralarni shakllantirish bo‘yicha talablarni bajarmagan.

Avvalroq 2024-yilda aholi valyuta xaridi va sotuvi o‘rtasidagi farq $6,7 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi. 2024-yilda fuqarolar banklarga $16,1 mlrd miqdorida chet el valyutasini sotib, ulardan $9,4 mlrd xarid qilgan.