O‘zbekistonda “Cyber university” davlat universiteti tashkil etiladi. Bu bo‘yicha 20-yanvar kuni prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan, yangi universitetning asosiy vazifalari belgilanmoqda. Xususan, oliygoh axborotni himoyalash, axborot va kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot-tahliliy tizimlarni yaratishga qaratilgan. Unda robototexnika va boshqa turdosh sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Universitet raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi. O‘quv jarayoni xorijiy tajriba va zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida tashkil etiladi.
Yoshlarning bilim olishi va kasb egallashiga qo‘shimcha sharoitlar yaratilib, davlat organlari, korxonalar hamda boshqa tashkilotlarni kadrlar bilan ta’minlashda saralash va qamrov kengaytiriladi.
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda mamlakat va xorijiy OTM hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, raqamli texnologiyalar ishlab chiquvchilari va iste’molchilari, boshqa sohaviy korxonalar bilan hamkorlik qilinadi.
Shuningdek, tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish oliygoh vazifasiga kiradi. Talabalar va mutaxassislar bilan esa fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib boriladi.
2024-yilning oktabr oyida Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti ochildi. Joriy o‘quv yilida oliygohda xalqaro savdo va dasturiy muhandislik yo‘nalishida bakalavr bosqichi o‘qitiladi.
Noyabr oyida Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti, Andijondagi ikkita institut hamda bitta fakultet negizida esa Andijon davlat texnika instituti tashkil etilishi ma’lum bo‘ldi. Dekabr oyida Qashqadaryodagi ikkita institut va ikkita OTM filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etilishi belgilandi.