Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha kiritish loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Qonun loyihasi bilan sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, kechiktirilgan har bir vaqt birligida — daqiqa, soat, kun uchun majburiyat bajarilmagan qismiga 0,5% miqdorida penya to‘lashi taklif etilmoqda. Penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovar bahosining 100%idan oshib ketmasligi kerak.
Penya to‘lash sotuvchini tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplashdan ozod qilmaydi. Agar kechikish iste’molchining aybi bilan bo‘lganligi isbotlansa, sotuvchi penya to‘lashdan ozod qilinadi.
Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Qoraboyev qonunchilikdagi “bo‘shliqlar” iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi.
2024-yilda iste’molchilardan 30 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 35%idan ortig‘i savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. 4 mingdan ortiq murojaat sotuvchilar tomonidan tovarlarning, jumladan, maishiy texnika, tayyor ovqat hamda mebel kabilarning o‘z vaqtida yetkazib berilmagani bilan bog‘liq. Raqamli platformalardagi tovar xaridi bo‘yicha shikoyatlar 1 500 dan ortiqni tashkil etgan.
20-yanvar kuni qonun loyihasi parlament fraksiyalarida ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, o‘zgartirishlarning qabul qilinishi iste’molchilarning manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi va tovarni muddatidan oldin yoki shartnomaviy hajmdan kam miqdorda yetkazib berish holatlarining oldini oladi.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi hujjatni takomillashtirish bo‘yicha bir nechta takliflar kiritdi. Deputat Dilnoza Azizova yangi norma elektr energiyasi, suv va gazni yetkazib bermagan idoralarga ham qo‘llaniladimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
“Shu kunlarda ayrim hududlarda elektr energiyasi va gaz yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda. Tegishli idoralar esa bu borada aholini hatto ogohlantirish haqida o‘ylamayapti ham. Bu ham iste’molchilar huquqlarini buzish emasmi?” — dedi Azizova.
Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berdi (tafsilotlari keltirilmagan). Shuningdek, ular loyihani qayta ishlashda asosli takliflar inobatga olinishini bildirdi.