“Brand Finance” konsalting kompaniyasi har yili o‘tkaziladigan “Global 500” mukofoti natijalarini e’lon qildi. Mutaxassislar 2025-yil boshidagi eng qimmat va kuchli brendlarni sanab o‘tishdi.

2025-yilning eng qimmat kompaniyalari reytingida “Apple” birinchi o‘rinni egalladi. Uning qiymati yil davomida 11%ga oshib, $574,5 mlrdni tashkil etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda “Microsoft” va “Google” egalladi. Ushbu “uchlik” ketma-ket 10-yildan ortiq vaqt davomida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Top-5 eng qimmat brendlar ro‘yxatiga quyidagilar kirdi:

  • “Apple” — $574,5 mlrd (+11%);
  • “Microsoft” — $461 mlrd (+35%);
  • “Google” — $413 mlrd (+24%);
  • “Amazon” — $356 mlrd (+15%);
  • “Walmart” — $137 mlrd (+42%).

Shuningdek, kuchli o‘ntalikka “Samsung” ($110,5 mlrd), “TikTok” ($105,8 mlrd), “Facebook” ($91,5 mlrd), “Nvidia” ($87,9 mlrd) va “Xitoy davlat elektr tarmoqlari korporatsiyasi” ($85,6 mlrd) kirdi.

eng qimmat brendlar, apple

“Brand Finance” asoschisi Devid Xeyning ta’kidlashicha, brendlar qiymatining o‘sishi endi faqatgina texnologiya sohasi doirasida cheklanib qolmayapti. Eng yirik chakana savdo tarmog‘i “Walmart” beshinchi o‘rinni egalladi.

“TikTok”, “Pinduoduo” va “BYD” kabi Xitoy kompaniyalari esa yangi mahsulot va xizmatlarni yaratish orqali an’anaviy yetakchilarga qarshi kurashishni davom ettirmoqda.

Reytingda yetakchi davlatlar:

  • AQSh- 194ta brend;
  • Xitoy — 69ta brend (15%);
  • Yaponiya — 36ta brend;
  • Fransiya — 35ta brend;
  • Germaniya — 27ta brend.

Eng qimmat sektor moliyaviy sektor bo‘ldi — barcha brendlar umumiy qiymatining 12,7%i (78ta bank kompaniyasi). Undan keyin chakana savdo (11,4%) va media sanoati (10,3%) turadi.


Avvalroq “Spot” Braziliya sudi “Apple” va “Google” kompaniyalarini $3 mln miqdorida jarimaga tortgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, ikkala kompaniya “FaceApp” ilovasi orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy yig‘ishda ayblanmoqda.