Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni parrandachilikni rivojlantirish va yaylovlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilda 1 mln tonna parranda go‘shti, 10,5 mlrd dona tuxum yetishtirish, eksportni 2 karra oshirib, $180 mlnga olib chiqish mo‘ljallangan. Chorvachilikda 1 350 ta loyihani ishga tushirib, 3,2 mln tonna go‘sht yetishtirish, 13 mln tonnadan ziyod sut olib, uning 30% ni sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan.

Hozirda mamlakatda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasini tashkil qilish boshlangan. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda buni tuxumchilik bo‘yicha ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Parrandachilik kooperatsiyasi bo‘yicha Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazm tajribasi orqali odamlar daromad topayotgani, parrandachilik korxonalarining ishi yurishayotgani qayd etildi. Masalan, Qo‘shrabotdagi “Yetti xazina” korxonasi xonadonlarga emlangan tovuq, qafas va yem tarqatib, tuxumini o‘zi sotib olmoqda.

Bunday loyihalarni barcha viloyatlarda amalga oshirib, mahsulot va ish o‘rinlarini ko‘paytirish uchun $50 mln yo‘naltiriladi.

Vaqtincha to‘xtab qolgan yoki kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirib, faoliyatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, yaylov o‘simliklari urug‘chiligi rivojlanmagani va suv inshootlari hamda quduqlar yetishmasligi sabab bunday yerlarning deyarli yarmidan foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Bunday maydonlarning xaritasi va ijarasi raqamlashtirilmagan.

Yaylovlarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda. “E-yaylov” elektron xaritasi ishlab chiqilib, har bir maydon unga kiritiladi. Unda chorva, ekin yoki geologiyaga mo‘ljallangan joylar aniq belgilanadi.

Bunday maydonlar eng ko‘p bo‘lgan 7 ta viloyatda yaylov xo‘jaliklari tashkil qilinadi. Ular o‘rmon xo‘jaliklari kabi yaylovlarni asrash va samarali foydalanishga mas’ul bo‘ladi. Ulardagi yerlar auksion orqali chorva boqish, pista, bodom kabi ko‘chatlarni ekish uchun aholiga 30 yilga ijaraga beriladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish, qo‘shimcha quduqlar qazish va yaylov urug‘chiligini tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu yil 500 ming gektar yaylovda 1 mln bosh qo‘yni tartibli boqish bo‘yicha namunaviy loyiha amalga oshiriladi.

Chorvachilik va parrandachilik korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Yangi loyihalar va kooperatsiya hisobiga aholi bandligini oshirib, kambag‘allikni qisqartirish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun kichik biznes loyihalariga 120 trln so‘m kredit ajratilishi haqida xabar berilgandi.