Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yili bakalavriat yo‘nalishlari maqbullashtirilib, 1200dan ortiq ta’lim dasturlari xorijiy tajribaga moslashtirildi. Bitiruvchilarga malaka talabi to‘liq yangilandi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi, biotizimlar muhandisligi kabi yo‘nalishlar ochildi.
Bu yil yana 1 mingdan ortiq ta’lim dasturlari “Top-300” universitet dasturlari asosida takomillashtiriladi, 45ta ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Oliygohlarda Registrator ofisi xizmatlari bilan talabalar to‘liq qamrab olinadi. Dual ta’limga yana 50 ming talaba jalb qilinadi.
Oliy ta’limda ilmiy salohiyatni 55% ga chiqarish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish, muhandislik maktablarini 25 taga yetkazib, sanoat korxonalari bilan loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.
2024-yildan oliy ta’limga qabul “avval test, keyin tanlov” tamoyili asosida amalga oshirildi. Grant talabalar iqtidoriga qarab ajratiladi. Moliyaviy mustaqillik berilgan 40 ta OTMda Registrator ofisi tashkil qilindi. Bu dekanat va bo‘limlarda shtatlar 20% ga qisqarishi hamda 30ta xizmat turi raqamlashishini ta’minladi. Registrator ofislari boshqa OTMlarda ham ochilib, ta’lim va ilm-fan xizmatlarini qamrab olgan yagona raqamli tizim joriy etiladi.
Amaliyot bilan uyg‘unlikni kuchaytirish maqsadida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirda 15 ming talaba 957ta korxonaga biriktirilgan. Korxonalarda bunga qiziqish kamligi sabab, dual ta’limda ishtirok etayotgan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Hozirgacha Termiz, Andijon va Qarshida texnika universitetlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 8ta muhandislik maktabi ochildi.
Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi. Ularda yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar tatbiq qilinadi, talabalarning ilmiy-innovatsion jarayonlarda ishtiroki kengaytiriladi, oliygohlarga sanoat hamkorlari biriktiriladi.
Bu yo‘nalishdagi 35ta muassasani yiriklashtirish hisobiga, 22ta texnika universiteti tashkil qilinadi. Shu yil oxirigacha yana 17ta muhandislik maktabi ochiladi.
OTMlarda ilmiy salohiyat 41%dan 45%ga oshgan. Lekin, aksariyat ilmiy tadqiqotlar sanoat va ishlab chiqarishdagi tendensiyalarni qamrab olmayapti. Endi doktorantura kvotasini taqsimlashda iqtisodiyotning “drayver” sohalariga ahamiyat qaratish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, pedagoglar kasbiy mahoratini oshirishni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Avvalroq O‘zbekistonda “Cyber university” davlat universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Unda robototexnika va boshqa turdosh sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.