Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Xatori Takashi 20-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi loyiha uchun 22,9 milliard iyena ($147,3 mln) miqdoridagi kredit bo‘yicha almashuv notalarini imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga diplomatik missiya matbuot xizmati xabar berdi.

Mablag‘lar Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan ta’minlanadi, marosimda uning prezidenti Akixiko Tanaka ishtirok etdi.

Loyiha doirasida Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, loyiha doirasida mazkur mablag‘lar hisobidan Samarqand va Buxorodagi tibbiyot muassasalari uskunalar bilan ta’minlanadi.

Loyihaning amalga oshirilishi yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishi, markazning tibbiyot kadrlarini tayyorlash bo‘yicha bazaviy o‘quv markazi sifatidagi funksiyalarini kuchaytirishi, shuningdek, O‘zbekiston aholisi salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashishi kutilmoqda.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Prezident Yaponiya universitetini ochish hamda professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya “Japan Career” portalini ishga tushirilgani xabar berilgandi.

Portalda mamlakatdagi mehnat migratsiyasi, ta’lim va yashash imkoniyatlari haqida o‘zbek, rus va yapon tillarida ma’lumotlar berib boriladi.