Markaziy bank 280 mlrd so‘mdan ortiq onlayn olingan mikroqarzlarni firibgarlardan qaytarib qoldi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

O‘tgan yilning oktabrida Markaziy bank sinov tarzida onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartibni joriy qilgandi. Shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan ushbu tartib 2024-yilning 1-noyabridan joriy yilning 1-apreligacha amal qiladi.

Uning doirasida 11 ta bank hamda 1 ta mikromoliya tashkiloti tomonidan onlayn kredit ajratish yo‘lga qo‘yilgan. Yana 9 ta bank onlayn kredit ajratishni belgilangan tartibda yo‘lga qo‘yguniga qadar ularning mobil ilovasi orqali bu xizmatni ko‘rsatish vatqincha to‘xtatildi.

20-yanvar holatiga ko‘ra, firibgarlar ta’sirida onlayn kredit olishga ariza bergan fuqarolarga ajratilgan 285 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar bank hisobiga qaytarilgan.

Vaqtinchalik tartib bilan onlayn kredit olish uchun ariza yuborishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish talab etiladi. Bu talabgorning arizani shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga aniqlik kiritish imkonini beradi.

Kredit tarixi kredit byurolari ma’lumotlar bazasidan ikki bosqichda — ariza tushgandan so‘ng hamda pul mablag‘lari ajratilishidan oldin tekshiruv (skoring) dan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, kredit tashkiloti mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishda yoki mavjud akkauntga kirishda, onlayn kredit ajratilganidan boshlab ayrim operatsiyalar uchun 48 soat ichida cheklovlar o‘rnatiladi.

Cheklovlarni yechish uchun fuqaro 48 soat ichida bank jo‘natgan SMS-xabardagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar ta’sirisiz olganligini ma’lum qilishi kerak. Bank xodimi fuqaroga qayta bog‘lanib, uni qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazgach, cheklov olib tashlanadi.

Bunda cheklovlar fuqaroning o‘z ixtiyori bilan kredit mablag‘larini naqdlashtirish va boshqa to‘lovlariga ta’sir ko‘rsatmaydi hamda bu kabi operatsiyalar cheklovlarsiz amalga oshirilishi mumkin.

Kredit mablag‘lari kartaga o‘tkazilgach, mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani bo‘lsa, yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tmasa, kredit shartnomasi bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari bank hisobiga qaytariladi.

Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolishini ma’lum qilgandi. Regulyator besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirgandi.

Bundan tashqaro, regulyator 2025-yilning 1-yanvaridan bitta fuqaroga (bitta JShShIRga) beriladigan kartalar sonini bitta bankda 5tagacha, barcha banklarda esa 20tagacha chekladi. Mazkur tartib joriy yil oxirigacha amal qiladi. Bu virtual va kobeydjing kartalarni ham o‘z ichiga oladi, biroq chet el valyutasida ochilgan kartalarga tatbiq etilmaydi.

Markaziy bank cheklov kartalar bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida aholiga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirishga qaratilganini bildirdi.

Avvalroq regulyator ustav kapitalini oshirmagan 2 ta bankning aktiv operatsiyalarini cheklagani haqida xabar berilgandi. 2025-yildan banklarning eng kam ustav kapitali 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.