Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Salom Cinema” kinoteatri o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda kinoteatr asoschisi Farruh Tulyaganov “Spot"ga ma’lum qildi.
Xususan, kinoteatr faoliyati 20-yanvardan boshlab yakunlangan. 19-yanvar tunidan 20-yanvar tonggiga qadar binodan barcha jihozlar olib tashlangan.
“Endi ijara to‘lovini ko‘tara olmaydigan bo‘ldik. Daromad yo‘q edi demayman, mijozlar soni yomon emasdi, lekin baribir 5−6 yil avvalgidek bo‘lmadi”, — dedi Tulyaganov.
Shuningdek, u barcha jihozlar saqlab qo‘yilganini hamda kinoteatrni boshqa joyda ochish ko‘zda tutilganini ta’kidladi. Tadbirkor buni boshqa kinoteatrlar bilan birga yoki yangi manzilda tashkil etish imkoniyatini o‘rganmoqda.
“Salom Cinema” 2017-yilning 4-mayidan faoliyatini boshlagan. Kinoteatr 6 ta tomosha zalidan iborat bo‘lgan. Ochilgandan ikki oy o‘tgach, kinoteatr rentabellikka chiqqan. Xususan, ijara haqini to‘lab, reklama xarajatlarini qoplagan, xodimlarga ish haqi berib, biroz daromad qilishga ham ulgurgan.