O‘zbekistonliklar Saudiya Arabistoni tibbiyot klinikalariga ishga jalb etilishi mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, agentlik va Saudiya Arabistonining “Al Arkkan Training Center” kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuvda o‘tkazilgan.

Muloqotda agentlikda to‘plangan ijobiy tajribalaridan kelib chiqib, tilga maqsadli tayyorlash bo‘yicha markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yaxshi samara berishi qayd etildi.

Muhokamada, birinchi navbatda hamshira mutaxassisligiga ega bo‘lganlarni ingliz tiliga o‘qitish va qisqa muddatli kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, ikkinchi yo‘nalishda noldan to‘liq til va kasbga tayyorlash taklifi o‘rtaga tashlandi.

Tomonlar ushbu loyihani ma’qullab, tezda ishga tushirish va joriy yilning ikkinchi yarmida Saudiya Arabistonidagi tibbiyot klinikalariga ishga joylashtirishga kelishib oldi.

Ta’kidlanishicha, oylik maoshlari $1500−2000dan oshishi va ish beruvchi talablari o‘ta og‘ir emasligi, ish va yashash sharoitlarining yaxshiligi nomzodlar soniga sezilarli tasir ko‘rsatish mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yuk avtomobillari uchun haydovchilar tayyorlash, mehmonxona va umumovqatlanish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.

Al Arkkan Training Center” — turizm, transport, bank-moliya, kommunikatsion texnologiyalar, tibbiyot va ta’lim yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.


Avvalroq “Spot” Saudiya Arabistoni kompaniyasi Toshkent viloyatida farmatsevtika zavodini qurishi haqida yozgandi.

“Tashkent Pharma Park” hududida quriladigan zavod ishlab chiqarishni 2025-yilning oktabrigacha boshlashni rejalashtirmoqda.