Donald Tramp “Silk Road” darknet-marketpleysi asoschisi Ross Ulbrixtni afv etdi. Bu haqda u o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
2015-yilda u giyohvand moddalar, kredit kartalarining o‘g‘irlangan ma’lumotlari, qalbaki hujjatlar, qurol-yarog‘lar, shuningdek, boshqa taqiqlangan tovarlar va xizmatlar sotiladigan darknet-maydonni boshqarganligi uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
“NYT” nashrining yozishicha, Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida “kriptovalyuta sanoati va libertarianlarning qo‘llab-quvvatlashini olish uchun” bir necha bor bergan va’dasini bajargan.
Ross Ulbrixt 2011-yilda “Silk Road"ni ishga tushirdi. Sayt “Tor” tarmog‘ida joylashgan bo‘lib, to‘lovlar bitkoinlarda amalga oshirilardi.
Platformada giyohvand moddalar, o‘g‘irlangan kredit karta ma’lumotlari, soxta hujjatlar, qurol-yarog‘lar, shuningdek, boshqa taqiqlangan tovarlar va xizmatlar sotilgan.
“Silk Road” faoliyatining uch yili davomida 1,5 mlnga yaqin bitim amalga oshirildi va Amerika ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, platforma umumiy aylanmasi $200 mlnni tashkil etdi.
2013-yil kuzida Ulbrixt San-Fransiskoda hibsga olindi. 2015-yilda sud uni giyohvand moddalar savdosi, jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni qonuniylashtirish va boshqa jinoyatlari uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etdi.
Ayblovlarning og‘irligiga qaramay, kriptovalyuta ishqibozlari va Ulbrixtning boshqa tarafdorlari hukmni haddan tashqari qattiq deb baholashgan. 2017-yilda federal apellyatsiya sudi qarorni o‘z kuchida qoldirdi.
Avvalroq “Spot” Donald Tramp o‘z kriptovalyutasini taqdim qilgani haqida yozgandi.
Tramp taqdim qilgan memkoin narxi sotuvga chiqarilgandan keyin bir sutka ichida $70dan oshib ketdi.