Akrom Athamjonovich Vasilov “O‘zbekekspertiza” bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
20-yanvar kuni “O‘zbekekspertiza” Kuzatuv kengashining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida tashkiliy vazifalar ko‘rib chiqildi. Xususan, Akrom Vasilov kompaniya bosh direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga tasdiqlandi.
Tayinlovga qadar u “Markazsanoateksport” davlat-aksionerlik tashqi savdo kompaniyasi hamda “O‘zsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlariga ko‘ra, Vasilov “Markazsanoateksport"ni boshqargan, shuningdek, “O‘zsanoateksport"da marketing va eksport bo‘yicha direktor va rais vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan.
Yig‘ilish so‘nggida “O‘zbekekspertiza” tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy funksional vazifalar va yo‘nalishlarni belgilab olindi.
“O‘zbekekspertiza” 1994-yil noyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyat turi texnik sinovlar va tahlillarga qaratilgan. Uning ustav fondi 2,58 mlrd so‘mni tashkil etadi hamda rahbari Yunusov Jamaliddin Maxamatbakiyevich hisoblanadi.
2024-yil dekabr oyida “O‘zbekekspertiza"da bosh direktor almashdi. Bu lavozimda Grigoryanets Artyom Aleksandrovich o‘rnini boshqaruvchi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan Jamoliddin Yunusov egalladi.
Avvalroq “Spot” Marat Jurayev Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgani haqida yozgandi.