Janubiy Koreyaning O‘zbekistondan ishchi kuchiga bo‘lgan talabi kamaymoqda. Bu haqda 17-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Migratsiya agentligi matbuot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov ma’lum qildi.
O‘zbekistondan borgan mehnat migrantlari Koreya ish beruvchilari talabiga amal qilmasligi, mamlakat qonunchiligini buzgan holda qochib ketishi holatlari kuzatilmoqda.
“Shu sabab, ish beruvchilar tanlash jarayonida biroz ikkilanmoqda. Fuqarolardan ham Koreyaga borib ishlashni xohlasalar, mamlakat qonunchiligini hurmat qilishlarini so‘ragan bo‘lardik. Shundagina biz ko‘proq tanlanamiz”, — dedi Qalandarov.
Agentlikning xalqaro aloqalar boshqarmasi bosh mutaxassisi Doston Olimjonovning qayd etishicha, Janubiy Koreya 2007-yildan buyon bandlikka ko‘maklashish tizimi orqali 16 ta davlat bilan ishlab keladi.
Mamlakat har yili mehnat resursidagi yetishmovchilikdan kelib chiqib, nechta ishchi kuchi kerakligi haqida ma’lumot berib boradi. Bu E-9 (noprofessional), E-8 (mavsumiy) hamda E-7 (professional) vizalari asosida jalb qilishni o‘z ichiga oladi.
Doston Olimjonov oxirgi vaqtlarda Koreyaga ishchi kuchini jalb qilish kamaygani faqat O‘zbekistonda kuzatilmaganini ta’kidladi. Masalan, Nepal 2023-yilda 19 758 nafar fuqarosini Koreyaga jo‘natgan, 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 7 081 nafarga tushib ketgan.
“O‘zbekistonda ham xuddi shunday. E-9 vizasi asosida 2023-yilda 4 878 nafar fuqaroni Koreyaga jo‘natgan bo‘lsak, o‘tgan yili bu 3 080 nafarni tashkil etdi. Bunga fuqarolarning noqonuniy ravishda chiqib ketishi yoki ish joylarini tashlab ketish holatlari sabab bo‘lyapti”, — dedi Olimjonov.
Bundan tashqari, Koreya iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar sabab ham ko‘plab kompaniyalar o‘zlarini bankrot deb e’lon qilmoqda. Shu sababli nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham ishga jo‘natish bo‘yicha ko‘rsatkichlar pasaymoqda.
Agentlik boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov Koreyadagi ish beruvchi xorijiy fuqaroni tanlagandan keyin, hujjatlarini rasmiylashtirish, ishchi uchun turar joy tayyorlash bo‘yicha xarajatlarni amalga oshirishini ta’kidladi.
“O‘zbekiston fuqarolari Koreyaga borgach, juda ko‘p hollarda, dastlabki 1−3 oylarning o‘zida ish joylarini tashlab, tanishlarining taklifi bilan ko‘proq oylik beradigan ish joyiga ketib qolish holati uchramoqda. Ish beruvchi esa xarajatlariga kuyib qolyapti”, — dedi u.
Shu kabi omillar sabab, Koreya ko‘proq Senegal va Vetnam fuqarolarini tanlamoqda. Ularda kamida 1−2 yil davomida ish joyini tashlab ketish holatlari kam kuzatiladi. Ish beruvchini esa hech kim qaysi davlatdan ishchi jalb qilishga majburlay olmaydi.
Ahmatov fuqarolarni Koreyaga ketishdan oldin ishga ko‘niktirish tadbirlari ko‘paytirilganini qayd etdi. Bunda ish beruvchi kompaniyalarga tashriflar va targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. “Bu ham joriy yildan o‘z natijasini beradi”, deya xulosa qildi u.
Hozirda Koreyada noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar soni 9,6% ni tashkil etishi ma’lumot qilindi. Agar bu ko‘rsatkich 10% ga yetsa, mamlakat O‘zbekiston bilan migratsion aloqa tizimini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Bundan tashqari, ish joyini sababsiz tark etish holatlarining ko‘payishi O‘zbekistondan ishchi migrantlarni jo‘natish ko‘rsatkichiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi. Natijada ular uchun ajratilayotgan kvotalar soni kamayadi.
Avvalroq Koreyada noqonuniy yurgan fuqarolar uchun erkin chiqib ketish muddati uzaytirilgani haqida xabar berilgandi. Fuqarolar “yashil yo‘lak” loyihasi orqali 31-yanvargacha mamlakatni tark etishlari mumkin. Agar bu vaqtgacha chiqib ketishmasa, ularga jarima va cheklovlar qo‘llaniladi.