Bir kishiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklash firibgarlik sxemalari va moliyaviy piramidalarga qarshi kurashishga qaratilgan. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar O‘zbekistonda vaqtinchalik tartib kuchga kirdi. Unga ko‘ra bitta fuqaroga beriladigan kartalar virtual va kobeyjing kartalarini hisobga olgan holda 20 donagacha cheklanadi. Ulardan 5 tasini bitta bankda ochish mumkin. Chet el valyutasida ochilgan bank kartalari bundan mustasno.

2024-yilning dekabr holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarning qariyb 97%i da (22 mln nafar) 5 tagacha, 3%i da (770 ming) 5−20 gacha hamda 0,03%i da (7 ming) 20 tadan ortiq kartalar mavjud.

Shuningdek, regulyator internetda “investitsiya loyihalari” niqobi ostidagi platformalarda kartalarning qo‘llanilishini o‘rgandi. Ular doirasida 67 nafar shaxs 1 626 ta bank kartasidan foydalangani aniqlandi.

O‘rganishlar davomida 24 nafar shaxsga tegishli 715 ta bank kartalaridan moliyaviy piramida alomatlariga ega platformalarda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun foydalanilayotganligi ma’lum bo‘ldi: “Tradezone ai”, “Consulting Control Session” va “Scode Capital”.

Regulyatorning ta’kidlashicha, bank kartalarini ochish bo‘yicha vaqtinchalik tartibning maqsadi banklar tomonidan emissiya qilingan kartalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bank axborot tizimi bilan sinxronizatsiyalash orqali ular bilan bog‘liq firibgarlik holatlarini bartaraf etishdir.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan fuqarolarga ochilgan kartalar soni to‘g‘risida mobil ilovalar orqali Push-xabarnoma yoki SMS-xabar orqali ma’lumot berish yuzasidan banklarga ko‘rsatma xati yuborilgan.

Vaqtinchalik tartib yangi bank kartalarini rasmiylashtirishga tatbiq etilmaydi va orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi. Misol uchun, agar fuqaro 2025-yilgacha 20 tadan ortiq karta ochgan bo‘lsa, uni limitdan oshgan kartalarni majburiy ravishda yopishga majburlamaydilar. Biroq, joriy etilgan cheklov tufayli mijoz yangi kartalar ochish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Shunga qaramay, bank kartasidan shubhali (frod) operatsiyalarda yoki firibgarlik sxemalarida foydalanilgan taqdirda, ushbu kartalarga nisbatan firibgarlikka qarshi tizim doirasida choralar ko‘riladi va bu haqda karta egalari xabardor qilinadi.

Avvalroq “Spot” Markaziy bank firibgarlar tomonidan 285 mlrd so‘mlik onlayn kreditlar rasmiylashtirilishining oldini olgani haqida yozgandi.