2024-yilda O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish oldingi yilga nisbatan 0,82% ga o‘sib, 424,8 ming donadan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.

Yengil avtomobillar ishlab chiqarish 399,2 mingtani (o‘sish — 0,91%), maxsus mashinalar esa 25,4 mingtani (+2,3%) tashkil etdi.

So‘nggi yillarda eng ommaviy avtomobil an’anaviy ravishda Chevrolet Cobalt bo‘lib qolmoqda hamda o‘tgan yili 164,8 ming dona (+39,5%) ishlab chiqarilgan. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy avtomobil sanoati umumiy ishlab chiqarish hajmining qariyb 40% ni tashkil qiladi.

Ikkinchi o‘rinda Damas turibdi. Ishlab chiqarish ketma-ket beshinchi yil o‘sishni qayd etdi va 2020-yildan beri ikki baravarga ko‘payib, birinchi marta o‘tgan yili 100 ming avtomobil (+14,3%) dan oshdi.

Undan keyin yana ikkita Chevrolet modeli — Onix va Tracker joylashgan bo‘lib, ular umumiy avtomobil sanoatining 20% ni tashkil etadi. Onix uchdan bir qismdan ko‘proq — 41,6 ming donagacha o‘sishni ko‘rsatdi, Tracker ishlab chiqarish esa, aksincha, 4,5% ga kamaydi hamda 46 ming donadan pastga tushdi. Shuningdek, “UzAuto Motors” 26-iyul kuni ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan 12,8 mingdan sal ko‘proq Lacetti-Gentra avtomobillarini konveyerdan chiqardi.

Xorijiy brendlar orasida Kia yetakchilik qilmoqda — 19,3 mingta avtomobil (+28,5%). Keyingi o‘rinlarda Chery (6,3 ming dona, -35,9%), BYD (zavod iyun oyida ishga tushirilgan — 4 ming dona) va Haval (2,47 ming dona, o‘sish 18,5 barobar) turadi. Bundan tashqari, iyul oyida O‘zbekistonda ilk bor oltita Lada avtomobili ishlab chiqarildi.

Avvalroq “Spot” 2024-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $66 mlrdga yetgani haqida xabar bergandi.