Shavkat Mirziyoyev yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15,5 trln so‘m resurs berilmoqda.
Banklar bunga qo‘shimcha 10 trln so‘m yo‘naltirishni maqsad qilgan. “Ipoteka kompaniyasi” ham bu maqsadlarga 2,3 trln so‘m resurs yo‘naltiradi.
Mutasaddilarga 2025-yilda kamida 70 mingta xonadon uchun ipoteka krediti taqdim etish, shundan 30 mingi uchun kreditni boshlang‘ich badal uchun budjetdan subsidiya to‘lab, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga berish vazifasi qo‘yildi.
Sohada yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish uchun yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Uy-joy qurishda asosiy e’tiborni eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida zamonaviy ko‘p qavatli uylarni ko‘paytirishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, renovatsiya hisobiga yerdan foydalanish samaradorligi 4−5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi.
“Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, savdo-servis, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada Jizzax, Marg‘ilon, Qo‘qon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Do‘stlik va poytaxt tumanlarida ishlar yaxshi boshlangani qayd etildi.
Ularning tajribasini barcha hududda ommalashtirish kerakligi, avariya holatidagi eskirgan uylarda yashayotgan odamlar buni kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Renovatsiya asosida bu yil 20 ming xonadon qurilishini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq “Spot” xorijda ishlayotgan migrantlarga ipoteka krediti berish tizimi yaratilishi haqida yozgandi.
Prezident olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolar daromadi hisobga olinadigan tizim yaratishni topshirdi.