O‘zbekiston Markaziy banki ikkilamchi sanksiyalar xavfiga jiddiy yondashmoqda. Bu haqda 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot” muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar masalasi “juda muhim”. Markaziy bank, banklar va bank tizimida so‘nggi yillarda komplayens-nazorat tizimi shakllandi. Shuningdek, regulyator boshqa idoralar bilan muloqotda bo‘lib, hukumatda sanksiyalar bo‘yicha alohida komissiya tuzilgan.
Markaziy bank raisi yangi sanksiyalar e’lon qilingan taqdirda harakat algoritmi mavjudligini ta’kidladi. Tashkilot sanksiyalar ostiga tushishi bilan banklar uni O‘zbekistonda shartnomalar, to‘lovlar, qarzlar mavjudligi nuqtai nazaridan o‘rganadilar. Shuningdek, regulyator o‘z ko‘rsatmasini banklarga yuboradi.
“Bizda sanksiya ostidagi tashkilotlar va jismoniy shaxslar bilan bank operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha muayyan reglament mavjud. Biz ikkilamchi sanksiyalar masalasiga jiddiy e’tibor qaratamiz, chunki bu xavflar doimiy ravishda saqlanib qolmoqda,” — dedi Ishmetov.
Biroq, regulyator rahbari sanksiya ostidagi tashkilotlar bilan operatsiyalar to‘xtatilganiga qaramay, iqtisodiy aloqalar davom etayotganini ta’kidladi, chunki Rossiya mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston sanksiyalarga tushmaydigan Rossiya tashkilotlari va banklari bilan eksport, import va boshqa operatsiyalarni belgilangan tartibda amalga oshirishni davom ettirmoqda, deya xulosa qildi Ishmetov.
2024-yil noyabr oyida AQSh “Gazprombank” va Rossiyaning 50dan ortiq bankiga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Yanvar oyida esa “Sovkomflot”, “Ingosstrax”, “Alfastraxovaniye”, “Gazprom neft”, “Surgutneftegaz” hamda ularning yigirmadan ziyod sho‘ba korxonalari sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Avvalroq “Spot” Markaziy bank joriy yilda umumiy inflyatsiya 7−8% atrofida shakllanishini kutayotgani haqida yozgandi.
Energiya resurslari uchun narxlarning oshirilishi muddati bir oyga o‘zgarishi fonida aprel oyida umumiy inflyatsiya darajasi vaqtincha oshishi mumkin.