Markaziy bank 2025-yilda oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida qimmatli qog‘ozlarni sotib olishni davom ettiradi. Bu haqda 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

2024-yilning may oyida Markaziy bank tarixda birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga $35 mln miqdorida investitsiya kiritdi.

Jahon banki yordamida zaxiralarni diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi. Oktabr oyida regulyator $65 mlnlik AQSh g‘azna obligatsiyalarini sotib oldi va o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ularning hajmi $101 mlndan ortiqni tashkil etdi.

“O‘tgan yili oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish maqsadida boshlangan AQSh qimmatli qog‘ozlarini sotib olish amaliyoti joriy yilda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

“Spot” muxbiri bilan suhbatda Abror Mirzo Olimov 2025-yilda qimmatli qog‘ozlarni sotib olish hajmi ularning qiymatiga, shuningdek, AQShdagi iqtisodiy vaziyat va Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan belgilanadigan foiz stavkasiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Markaziy bank ikki turdagi Amerika davlat qog‘ozlariga egalik qiladi — qat’iy va suzuvchan stavkadagi.

“Biroq biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz, chunki biz oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishni maqsad qilib qo‘yganmiz, faqat bir turdagi aktivda emas, balki boshqalari o‘rtasida qayta taqsimlaymiz. Birinchi bosqichda biz riski nolga teng bo‘lgan AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini sotib olishni rejalashtirmoqdamiz”, — deya aniqlik kiritdi u.

Oltin-valyuta zaxiralariga kriptovalyutalarni sotib olish imkoniyati haqidagi savolga Olimov hozirda Markaziy bankning bunday rejalari yo‘qligini aytdi.

Avvalroq “Spot” Markaziy bank joriy yilda inflyatsiya 7−8% gacha sekinlashishini prognoz qilgani haqida xabar bergandi.