Yil yakunida O‘zbekistonda umumiy inflyatsiya 7−8% atrofida shakllanishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Umumiy inflyatsiya darajasi 2024-yilning oktabr oyidan pasayish trendiga o‘tib, dekabrda yillik 9,8% ni tashkil etdi. Bu narxlar barqarorlashuvining mustahkamlanayotganligi bilan ifodalanadi. O‘tgan yil yakunida iste’mol savatidagi tovar va xizmatlarning to‘rtdan uch qismida narxlar o‘sishi 2023-yilga nisbatan sekinlashdi.
Dekabr oyida bazaviy inflyatsiya biroz tezlashib, 7,2% gacha oshdi. Bunda xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bazaviy inflyatsiyasi nisbatan yuqori darajada shakllanayotgani taklif omillari bilan bir qatorda yalpi talab ortishi bilan bog‘liq inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Iqtisodiyotda 2023−2024 yillardagi iste’mol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi.
Noyabr-dekabr oylarida mavsumiy xarakterga ega taklif omillari hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari o‘sdi. Bu ta’sirlarning kamayishi, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam beradi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7−8% atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida 2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi ta’siri tugab borishi ikkinchi chorak yakunida umumiy inflyatsiyaga sezilarli pasaytiruvchi ta’sir qilishi mumkin. 2025-yilda narxlarning yana oshirilishi muddati bir oyga farqlanishi hisobiga aprel oyida umumiy inflyatsiya darajasining vaqtincha oshishi kutilmoqda.
Markaziy bank bu o‘zgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari pul-kredit sharoitlari yo‘nalishlarini belgilovchi muhim omil bo‘lishini qayd etdi.
2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga YIM o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘sishi bo‘yicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.
2024-yil so‘nggi oylaridagi real samarali almashuv kursining ma’lum darajada mustahkamlanishiga ayrim savdo hamkorlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda mamlakatda inflyatsiya darajasi ularga nisbatan yuqoriligi ta’sir qildi. 2025-yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya darajasi pasayishi bilan real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi darajasiga qaytishi kutilmoqda.
O‘tgan yildagi joriy operatsiyalar hisobi saldosi yaxshilanishi va 2025-yilda savdo hamkor davlatlarda makroiqtisodiy holat nisbatan barqaror bo‘lishi taxmin qilinayotgani hamda almashuv kursiga ta’sir etuvchi ichki omillar bo‘yicha sezilarli xatarlar kutilmayotgani, o‘rta muddatda ichki valyuta bozorida muvozanatli tendensiyalar vujudga kelishi bo‘yicha kutilmalarni shakllantirmoqda.
Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha daromadlilik ko‘rsatkichlari joriy pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iyligini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiyotdagi real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga moyilligini kuchaytirmoqda.
Pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasi saqlab qolinishi natijasida kelgusida ham kreditlash hajmining o‘sishi mo‘tadil bo‘lishi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishi yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirishi mumkin.
Mazkur omillar hisobiga o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 13,5% darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘rta muddatli istiqbolda regulyator inflyatsiyaning 5% lik targetigacha barqaror pasayib borishi uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iy shakllanishini kutmoqda.
Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.