23-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev mamlakatdagi elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari nima uchun elektr ta’minotidan uzib qo‘yilganiga izoh berdi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.
Uning qayd etishicha, hozirda kompaniya tomonidan elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yish holatlari kuzatilayotgani yo‘q, oldin o‘chirilgan barcha stansiyalar faoliyati esa tiklangan.
Shuningdek, Nuraliyev qanday hollarda elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektr ta’minotidan uzilishini tushuntirdi.
“Ko‘pgina quvvatlash stansiyalari subiste’molchi sifatida tarmoqqa ulangan. Ya’ni, to‘g‘ridan to‘g‘ri “Hududiy elektr tarmoqlari"ning “Energosavdo” bo‘limi bilan shartnomaga ega bo‘lmagan. Bundan tashqari, ularning belgilanmagan joylarga, masalan, bolalar o‘yin maydonchalari yoniga o‘rnatilgani kabi holatlarning aniqlanishi natijasida stansiyalar elektr ta’minotidan uzilgan”, — dedi u.
Faxriddin Nuraliyevning qo‘shimcha qilishicha, hozirda texnik shartlarni olgan hamda “Energosavdo” bilan shartnomasi mavjud bo‘lgan barcha elektromobillarni zaryadlash stansiyalari to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Ogohlantirish yuborilganiga qaramay, shartnoma tuzmagan hamda texnik shartlarga ega bo‘lmagan stansiyalar tarmoqdan uzilgan.
Bundan tashqari, u fuqarolar tomonidan xonadonlarda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatganlik uchun o‘zgaruvchan tariflarni qo‘llash bo‘yicha loyiha ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi. Tariflar miqdori qanday bo‘lishiga aniqlik kiritilgani yo‘q.
“Elektrzapravkalar"dagi o‘chirilishlar
2024-yilning 17-dekabr kuni O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari majburiy ravishda o‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bir nechta bozor ishtirokchilarining “Spot"ga ta’kidlashicha, kompaniyalar bu haqida ogohlantirilmagan va ularga huquqiy hujjatlar taqdim etilmagan. Ular stansiyalar faoliyatini nazorat qilish vaqtidagina bilib olishgan.
Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev vazirlik tomonidan stansiyalar faoliyatiga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini “Spot"ga ma’lum qildi. “Energetika vazirligi O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirish tarafdori”, — dedi u.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari operatorlari Kadastr agentligidan stansiyalarni demontaj qilish talabi bilan ko‘rsatma olgan. Agentlikning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, tekshiruvlar natijasida yer uchastkalaridan “maqsadsiz” foydalanish holatlari aniqlangan. Xususan, boshqa maqsadlar uchun ajratilgan hududlarda stansiyalar o‘rnatilgan.
O‘zLiDeP deputati Nuriddin Sultonov holat yuzasidan Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga so‘rov yuborib, stansiyalar faoliyati cheklanishi hamda demontaj ishlarining qonuniyligi bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirishlar berishni so‘radi.
Dekabr oyi o‘rtalarida Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov tegishli idoralar tomonidan reyd o‘tkazilib, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilganini ma’lum qildi. Idoralar aralashuvidan so‘ng elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari elektr tarmog‘iga qayta ulangan.
Biroq bu xabardan ko‘p o‘tmay, bir nechta bozor ishtirokchilari avval o‘chirilgan quvvatlantirish stansiyalarining barchasi ham tarmoqqa qayta ulanmaganini “Spot"ga bildirdi.