Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilgi rejalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda foydalanishga topshirilgan uylar bo‘yicha e’tirozlar ko‘pligi qayd etildi. Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi bo‘yicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan.

Xususan, 88 ta holatda pudratchilar loyihaga zid ravishda uylarga ortiqcha 1−2 qavat qo‘shib qurgani yoki foydalanishga qabul qilingan 74 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish sifati bo‘yicha jiddiy kamchiliklar borligi ma’lum bo‘lgan.

Shu ma’noda, pudratchilarning qurilish madaniyatini oshirish zarurligi qayd etildi. Pudratchilar qurilishni boshlash uchun hujjatlarni kamida 5 bosqichda kelishishi kerak. Bunga 2 oygacha vaqt ketishi bois jarayonlar soddalashtiriladi.

Quruvchilar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi va kamchilik ko‘rsatilsa, bartaraf etiladi. Qurilish loyihaga mos bajarilishini Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi.

Obyektni foydalanishga topshirishda faqat 2 ta idora — QSNI va yong‘in xavfsizligidan xulosa olinadi. Zarur bo‘lsa, boshqa sohadagi mutaxassislarni inspeksiyaning o‘zi jalb qiladi.

2022-yildan buyon jismoniy shaxslar ko‘p qavatli uy qurish uchun auksiondan 47 gektar yer sotib olgan, lekin aksariyatida qurilish boshlanmagan. Endi qurilishga salohiyatli developerlarni jalb qilish uchun ko‘p qavatli uy qurilishiga yerlar auksionda faqat QQS to‘lovchi yuridik shaxslarga sotiladi.

Hozirda 14 775 ta ko‘p qavatli uylarga tutash yer mulkdorga biriktirilmagani uchun boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan hududlar chegarasi aniq emas. Mutasaddilarga bu uylarga tutash yerlar chegarasini belgilash va egasiga biriktirish topshirildi.

Developerlar uyni topshirishdan oldin servis kompaniyalari bilan shartnoma tuzishini, ularni o‘qitishni tashkil etishini, qurilish xarajatlarining 2% ini uy atrofida yashil hudud yaratishga yo‘naltirishini qonun bilan mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi hisob-kitob qilingan. Bunga qo‘shimcha 15 ming xonadon “Yangi Toshkent"da barpo qilinadi va bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi.

Energiya barqarorligini ta’minlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 MVt/soat sig‘imli elektr saqlash quvvati o‘rnatiladi. “Yangi Toshkent"dagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan trigeneratsiya tizimi orqali bo‘ladi.

Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” talablar asosida bo‘ladi.

Davlat rahbari barcha hududlarda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni bosqichma-bosqich “yashil energiya” uylariga aylantirish muhimligini ta’kidladi.

Buni rag‘batlantirish uchun quriladigan uy-joyni energiya bilan ta’minlashga quyosh elektr stansiyalari bilan shartnoma tuzgan developerlar uylari foyda solig‘i olinmaydi, kredit stavkasi 2% arzon qilib beriladi.

Bu ularning xarajati kamayishini va uy olgan odamlarga elektr energiyasi arzonroq bo‘lishini ta’minlaydi. “Yashil uylar” quradigan developerlarga xalqaro liniyalardan mablag‘ jalb qilish imkoniyatlari oshadi.

Avvalroq xorijda ishlayotgan migrantlarga ipoteka krediti berish tizimi yaratilishi haqida xabar berilgandi. Prezident olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolar daromadi hisobga olinadigan tizim yaratishni topshirdi.