“Instagram” Rossiya hududida ma’lum talablarga rioya qilgan holda faoliyatini qayta boshlashi mumkin. Bu haqda “SHOT” Telegram-kanali xabar berdi.
Davlat dumasi vitse-spikeri Boris Chernishov bunday imkoniyat qanday sharoitlarda yuzaga kelishi mumkinligi haqida qayd etdi.
Suhbatda siyosatchi, agar platforma rahbariyati “TikTok"ning AQShdagi tajribasini takrorlashga qaror qilsa, “Instagram” Rossiyada qonuniy faoliyatini qayta boshlashi mumkinligini ta’kidladi.
Gap “Instagram"ning 50%lik ulushini rossiyalik investorlarga sotish imkoniyati haqida bormoqda. Chernishovning fikricha, agar bunday kelishuv amalga oshsa, ijtimoiy tarmoq Rossiyada yana faoliyatiga ruxsat berilishi mumkin.
Deputat xorijiy platformalarni boshqarish ular faoliyat yuritayotgan mamlakatlarning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi.
“Bularning barchasi Rossiyaning global korporatsiyalar bilan hurmat va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida hamkorlik qilishga tayyorligini ko‘rsatgan bo‘lardi,” deya xabar bermoqda Telegram-kanal.
Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, “Instagram” mamlakat hududida bloklandi. Ijtimoiy tarmoq ilovasi 2022-yil 14-martda rossiyaliklar uchun ochilmay qo‘ydi.
19-yanvarga o‘tar kechasi “TikTok” AQShda o‘z faoliyatini to‘xtatdi va amerikalik foydalanuvchilar uchun ilovaga kirishni, jumladan VPN orqali ham foydalanishni o‘chirdi.
Biroq bir necha soatdan so‘ng platforma yana ishlay boshladi va kirish paytida “Prezident Trampning sa’y-harakatlari tufayli „TikTok“ AQShda yana faoliyat yuritmoqda!” degan xabar ko‘rsatildi.
20-yanvar kuni AQShning 47-prezidenti bo‘lgan Donald Tramp “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ini bloklashni kechiktirish to‘g‘risida farmon chiqardi.
Farmonda Adliya vazirligiga “Do‘stlashmagan chet elliklar tomonidan nazorat qilinadigan ilovalar to‘g‘risida"gi Qonunning ijrosini 75 kunga kechiktirish vazifasi yuklatilgan.
Qayd etilishicha, qaror “millionlab amerikaliklar foydalanadigan platformani keskin o‘chirishning oldini olish” zarurligi bilan izohlanadi.