Shavkat Mirziyoyev migrantlarga ipoteka krediti olishiga imkon beruvchi tizim yaratishga topshiriq berdi. Bu haqda 23-yanvar kuni davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mamlakatda aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgan.

Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga “O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q”, degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti, dedi prezident.

Davlat rahbari mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizimni yaratishni topshirdi.

Shuningdek, yig‘ilishda prezident O‘zbekistonda 2030-yilgacha kamida 100ta “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish reja qilingani haqida ma’lum qildi.

Yangi massivlar uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1−2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.

Qayd etilishicha, joriy yil “Yangi O‘zbekiston” massivlari infratuzilmasi uchun 1,2 trln so‘m beriladi.

“Hozir „Yangi O‘zbekiston“ massivi uchun mas’ul yagona tashkilot bo‘lmagani uchun, yer qayerdan ajratiladi, infratuzilma qanday bo‘ladi, qayerga daraxt ekiladi, sug‘orish va drenaj tizimi qanaqa o‘tkaziladi, degan savollarga javob yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi”, deya ta’kidladi prezident.

Shu bois, bu ishlarni tashkillashtirish uchun “O‘z uyim” kompaniyasi tashkil qilinadi. Ushbu kompaniya “Yangi O‘zbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga mas’ul bo‘ladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilib, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tkazilgan muloqotlarda developerlarning ko‘pchiligi yer olish, kredit, qurilishga ruxsat, infratuzilma, foydalanishga topshirish, uylarni sotish bilan bog‘liq masalalarni ko‘targanini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili 5 ming xonadonli 150ta ko‘p qavatli uy aylanma mablag‘ yetmagani uchun bitmay qolgan. Bu borada banklarning xorijdan jalb qilingan mablag‘dan $310 mlnni quruvchilarga aylanma uchun berish taklifi ma’qullandi.

18 ming xonadon gazda individual isitiladigan qilib qurilgani uchun foydalanishga qabul qilinmagan. Mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, har bir holatni o‘rganib, masalaning yechimi bo‘yicha Hukumatga taklif kiritish topshirildi.

Bu yil 135 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni markazlashgan holda isitiladigan, ovqat pishirish esa elektr plitasi orqali bo‘ladigan qilib qurish zarurligi qayd etildi.

Markaziy va ichki ko‘chalarni yoritishda isrofgarchilikni qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Hududlarda liftlarni qabul qilish 2−3 oyga cho‘zilayotgani sababli har bir viloyatda kamida 2tadan brigada tashkil qilish, 20 nafardan aholini liftlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashga o‘qitish vazifasi qo‘yildi.