Telegram O‘zbekistonda targ‘ibot uchun yetakchi platformalardan biri bo‘lib qolmoqda, biroq unda reklamaga bo‘lgan yondashuvlar sezilarli darajada farqlanadi. “Insight Business” tadqiqoti natijalariga ko‘ra, messenjer O‘zbekiston foydalanuvchilari orasida juda ommalashgan: uning mamlakatimizdagi auditoriyasi 18 mlndan 24 mlngacha hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston “Telegram” kanallari soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Bunda 2021-yildan beri mavjud bo‘lgan Telegram Ads orqali rasmiy reklamani va kanallarga integratsiyalarni farqlash muhimdir. Birinchi vosita mamlakat reklama beruvchilari orasida kamroq ommalashgan. Buning asosiy sabablaridan biri — yuqori kirish chegarasi. Agar “Telegram Ads” platformasida reklamani mustaqil ravishda ishga tushirmoqchi bo‘lsangiz, kamida €2 mlnlik budjet talab etiladi. Shu bilan birga, “Telegram” faqat €1 mlnni foydalanish uchun qoldiradi, qolgan summani esa depozit sifatida ushlab turadi.

Biroq, kam mablag‘ sarflab reklamani ishga tushirishga yordam beradigan vositachilik xizmatlari ham mavjud. Bunday servislar ma’lum foiz evaziga reklama kampaniyalarini boshqarishni taklif etadi.

Bundan tashqari, messenjer o‘rnatilgan reklama formatini takomillashtirishda davom etmoqda. Endi homiylik xabarlari fotosuratlar yoki videolarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Avvallari reklamalar faqat kanallarning pastki qismida ko‘rsatilgan bo‘lsa, endi ular boshqa postlar orasida ham paydo bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, kanal egalari “Telegram” ularning kanallarida reklama joylashtirish orqali topayotgan daromaddan ulush olishadi.

O‘zbekistonda “Telegram"da reklama berishda qanday o‘zgarishlar yuz bergani, kuzatilayotgan tendensiyalar, hamda integratsiya narxlari qay tarzda o‘zgarayotgani haqida “Tanish Bilish”, “We Digital” va “Eight Media Maker” agentliklari vakillari “Spot"ga so‘zlab berdilar.


Mahalliy reklamaga bo‘lgan talabning o‘sishi va integratsiyalarning yangi formatlari

Mualliflik kontentiga tabiiy tarzda joylashtirilgan nativ reklamaga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. “Tanish Bilish” agentligi asoschisi, “Troll.uz” yaratuvchisi Umid Gafurovning so‘zlariga ko‘ra, “Telegram Ads” orqali joylashtirilgan reklama mahalliy reklama beruvchilar orasida mashhur emas.

“Mualliflik kanallarida mahalliy reklamaga bo‘lgan talab kamaymayapti. Obunachilar kanalning uslubiga moslashtirilgan kontentni yaxshiroq qabul qiladi. „Telegram Ads“ orqali rasmiy reklama ko‘proq yo‘l bo‘yidagi bannerlarga o‘xshaydi — agar foydalanuvchilar oldida ko‘zga tashlanishi kerak bo‘lsa, mos keladi. Ammo chuqur o‘zaro ta’sir qilish uchun mahalliy postlar yaxshiroq ishlaydi,” — deb tushuntiradi u.

“Eight Media Maker” rahbari Akbar Arzumetov ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning ta’kidlashicha, hozirda reklama beruvchilar har bir targ‘ibot kampaniyasiga individual tarzda yondashishga intilmoqda.

“Barcha kanallar uchun bir xil matnni berish endi ish bermayapti. Endi noyob kontent, dinamik emojilar va brend elementlari muhim. To‘lovga layoqatli auditoriya reklamani ko‘rmaslik uchun “Telegram Premium"ga tobora ko‘proq ulanmoqda. Shuning uchun “Telegram"ning rasmiy vositalari hali yuqori samaradorlikni ko‘rsatmayapti,” — deya qo‘shimcha qildi u.

“We Digital” direktori Anastasiya Pakning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyalar tobora ko‘proq video, animatsiyali emoji va hatto partizan targ‘ibot usullaridan foydalanmoqda. Biroq, uning fikricha, bunday yangiliklar eng dadil brendlarning tanlovi bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, “sun'iy ko‘paytirish” muammosi hamon saqlanib qolmoqda. “We Digital” ma’lumotlariga ko‘ra, bunga qarshi kurashish uchun TGStat kabi mashhur xizmatlardan foydalanish tavsiya etiladi. Bu xizmatlar obunachilarning jalb etilganlik darajasini tahlil qiladi va shubhali faoliyatlarni aniqlaydi. Bundan tashqari, yana ikkita yondashuv mavjud: qamrov va jalb etilganlikni taqqoslab, qo‘lda tekshirish hamda kanallardan tahliliy ma’lumotlarni so‘rash.

Umid Gafurov eng oddiy usulni: obunachilar soniga emas, balki CPMga e’tibor berishni tavsiya qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tanish Bilish” kompaniyasi har doim reklama beruvchilarga CPM narxlarini taqdim etadi, bu esa turli kanallar samaradorligini taqqoslashni sezilarli darajada osonlashtiradi.

Reklama narxlari va mashhur kontent turlari

“Tanish Bilish” ma’lumotlariga ko‘ra, integratsiya narxi kanalning ommaviylik darajasiga bog‘liq:

  1. 100 ming obunachigacha bo‘lgan mavzuli kanallar uchun — 300−500 ming so‘m.
  2. O‘rtacha kanallar (500 minggacha obunachi) uchun — 1−2 mln so‘m.
  3. Mualliflik kanallari va ommaviy axborot vositalari uchun — 2−15 mln so‘m.

Yangiliklar kanallari doimiy ravishda talabga ega, sababi “Telegram” O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun asosiy axborot manbasi hisoblanadi.

Mualliflik kanallariga bo‘lgan yuqori qiziqish saqlanib qolmoqda, biroq ularning sifati yaxshilanishni talab etadi. Umid Gafurovning ta’kidlashicha, mashhur toifalar orasida elektron tijorat, chakana savdo, ta’lim, IT-mahsulotlar, fintex va fudtex o‘rin olgan.

Akbar Arzumetov, shuningdek, yirik kanallardan tashqari, auditoriyasi kichikroq, biroq trafik sifati yuqori bo‘lgan tor doiradagi maydonlarga qiziqish ortib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, kanal mualliflari “Telegram"ning o‘rnatilgan reklamalaridan ham daromad oladi. Kompaniya o‘z reklama modelini mualliflar uchun foydali deb ta’kidlaydi — rasmiy reklamadan kelgan daromadning 50% kanal egalariga beriladi. Biroq, mavjud amaliyot shuni ko‘rsatadiki, daromadning sezilarli qismi platformada qolib ketmoqda, holbuki, ko‘pchilik mualliflar uchun bunday monetizatsiya hamon daromad keltirmaydigan bo‘lib qolmoqda.

Misol uchun, “Troll.uz” asoschisi 2024-yilda o‘z kanalini rasmiy reklama orqali monetizatsiya qilish natijalari haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, daromadlar kutilmaganda past bo‘lib chiqdi: butun yil davomida kanal atigi 23 TON daromad olgan, bu $124 ga teng — oyiga taxminan $13ni tashkil etadi. “Yulduzlar” funksiyasi qo‘shilganidan so‘ng daromad yana $28ga ko‘paydi, ammo bu summani hisobga olganda ham jami daromad hatto internet to‘lovi kabi asosiy xarajatlarni ham qoplashga yetmaydi.

Biznes uchun “Telegram”: yuqori konversiya va past CPM

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, messenjer past CPM va yuqori konversiya darajasi tufayli biznes uchun jozibador bo‘lib qolmoqda. Boshqa ijtimoiy tarmoqlardan farqli o‘laroq, unda algoritmlar organik qamrovni cheklamaydi, bu esa platformani ayniqsa elektron tijorat, fintex va ta’lim sohalari uchun samarali qiladi.

“O‘zbekistonda “Telegram"-reklama bozori hajm jihatidan tashqi yoki televideniye reklama bozori bilan taqqoslab bo‘lmasa-da — juda katta. Shunga qaramay, bu tarmoq PR mutaxassislari va marketologlar uchun zaruriy vositaga aylandi. Mamlakat aholisi orasida messenjerdan keng foydalanish tufayli o‘sish davom etmoqda,” — deydi Akbar.

“Havolalar orqali o‘tish shaklida trafik kerak bo‘lgan har bir kishi u yoki bu tarzda messenjerdan foydalanadi. “Instagram” va “YouTube"dan konversiya bir necha barobar pastroq. Bu platformalar foydalanuvchilarning tashqi havolalarga o‘tishini istamasliklari sababli ularning qamrovi sezilarli darajada qisqaradi,” — deya qo‘shimcha qildi Umid.

O‘zbekistonda “Telegram"-reklamaning istiqboli

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda “Telegram"-reklama bozori o‘sishda davom etmoqda. Uning hajmi allaqachon $10 mlndan oshgan, biroq hozircha “Instagram"dan orqada, chunki u yerda joylashtirish narxlari ancha yuqori.

Umid Gafurovning aytishicha, tarmoqqa doimiy ravishda o‘zgarishlar kiritib borilmoqda. Agar “Instagram” kabi algoritmlarni joriy etish haqidagi mish-mishlar tasdiqlansa, bu reklama budjetlarini sifatli va qiziqarli kanallar foydasiga qayta taqsimlanishiga olib keladi.

Akbar Arzumetov ta’kidlashicha, algoritmlarni joriy etish ko‘proq avtomatlashtirish va o‘yin qoidalarini o‘zgartirishga sabab bo‘lishi mumkin, ammo asosiy vazifa — auditoriya ehtiyojlariga moslashish avvalgidek qoladi.

Shu bilan birga, Umid Gafurovning qo‘shimcha qilishicha, “Telegram"dagi doimiy o‘zgarishlar sharoitida reklama beruvchilar moslashuvchan bo‘lishlari muhim.

“Bozor har qanday yangilikka moslashadi. Eng muhimi — kontent sifati va auditoriya tahliliga e’tiborni qaratishdir, chunki bu ko‘rsatkichlar har qanday reklama kampaniyasi muvaffaqiyati uchun hal qiluvchi omil bo‘lib qoladi,” — deya ta’kidladi u.

2025-yil uchun eng qimmat Telegram-kanallar reytingi

“Spot” agentliklardan o‘zbek va rus tili segmentidagi eng qimmat “Telegram” kanallari reytingini so‘radi. “Tanish Bilish” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek tilidagi kanallarning top-5 taligiga quyidagilar kirdi:

Nomi
Rukni
Obunachilar soni
Narxi*

Kun.uz
yangilik
1 mln 178 ming 090
23 mln
Xushnudbek.uz
mualliflik
589 ming 005
7 mln 500 ming
Davletov.uz
mualliflik
83 161
7 mln 500 ming
Bank kuni
mualliflik
124 ming 952
6 mln 800 ming
Qalampir.uz
yangilik
274 ming 223
6 mln

Rus tilidagi top-5 kanal:

Nomi
Rukni
Obunachilar soni
Narxi*
Troll.uz
mualliflik
98 233
10 mln 300
Kun.uz (rus versiyasi)
yangilik
85 108
9 mln 500
Nablyudeniya pod chinaroy
mualliflik
14 024
6 mln 200
Repost.uz
yangilik
107 ming 380
5 mln
Effekt Makarenko
mualliflik
35 441
4 mln

* QQSsiz. Agentlik xizmatlarini o‘z ichiga oladi.

“Eight Media Maker” agentligi aniq narxlarni ko‘rsatmasdan reytingni tayyorladi, chunki soliq va agentlik xizmatlari kabi turli omillar narxlarga ta’sir qilishi mumkin.

O‘zbek tilidagi top-5 kanal:

Nomi
Rukni
Obunachilar soni
Kun.uz
yangilik
1 mln 178 ming 090
Daryo.uz
yangilik
413 ming 474
Qalampir.uz
yangilik
274 ming 223
Troll.uz
mualliflik
98 233
Xushnudbek.uz
mualliflik
589 ming 005

Rus tilidagi top-5 kanal:

Nomi
Rukni
Obunachilar soni
Troll.uz
yangilik
98 233
Repost.uz
yangilik
107 ming 380
Gazeta.uz
yangilik
87 357
UzNews.uz
yangilik
69 943
“Effekt Makarenko”
mualliflik
35 497