“O‘zbekiston temir yo‘llari” Chinorkentda yangi temir yo‘l bekati ochildi. Bu haqda “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” matbuot xizmati xabar berdi.

Bekat 22-yanvar kuni o‘z faoliyatini boshladi. Xo‘jakentdan unga shahar atrofi qatnovini yo‘lga qo‘yish maqsadida 1,5 kilometr uzunlikdagi yangi bir izli temir yo‘l tarmog‘i qurib bitkazildi.

Bekatda perron va uzunligi 150 metr bo‘lgan soyabon, shuningdek, yo‘lovchilar uchun yer osti tunneli mavjud. Imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun sirpanishga qarshi plitalar o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Parkent tumanida uzunligi 23,8 km bo‘lgan Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishi boshlandi. Loyiha “Boshtransloyiha” tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida 4ta ko‘prik, 2ta yo‘l o‘tkazgich, tunnel, 7ta temir yo‘l kesishmasi qurish va 78ta suv yetkazish inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Yangi shoxobchadan, birinchi navbatda, tog‘li hududlarga boradigan sayyohlar foydalanadi.

2024-yilning 3-dekabridan boshlab “Toshkent-Xojikent-Toshkent” yo‘nalishida yangi tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Toshkent bo‘linmasining yagona hudud chipta narxi umumiy 20 000 so‘m, bolalar uchun 11 500 so‘m etib belgilandi.

Avvalroq Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlar renovatsiya dasturiga kiritilishi haqida xabar berilgandi.

Prezident bu yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘rilab qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirishni topshirdi.