Noqonuniy xizmat ko‘rsatish belgisidan foydalangan to‘yxona javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti xabar berdi.

“Xonsaroy Group"ning murojaatiga asosan vazirlik tomonidan “M.N” kompaniyasida belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazildi.

Natijada “M.N” tomonidan “Xon Saroy” xizmat ko‘rsatish belgisiga aynan o‘xshash bo‘lgan “Xonsaroy” so‘zidan foydalanayotganligi aniqlandi. Kompaniya undan to‘yxona binosining peshlavhasida hamda ijtimoiy tarmoqda foydalangan.

Holat yuzasidan huquqbuzar “M.N"ga o‘zganing xizmat ko‘rsatish belgisiga o‘xshash belgini noqonuniy ishlatgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Unga BHMning 100 baravari (37,5 mln so‘m) miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanildi hamda “Xonsaroy” so‘zi foydalanishdan olib tashlandi.

2024-yilning iyulida “Moxito” tovar belgisidan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yilgandi. Farg‘onada korxona huquq egasining ruxsatisiz tovar belgisidan foydalanib kelganligi aniqlandi.

Undan keyin Adliya vazirligi BAA brendining intellektual mulk huquqlarini himoya qildi. O‘rikzor savdo majmuasida faoliyat yurituvchi do‘kon BAA kompaniyasi tovar belgilaridan noqonuniy foydalanib, kontrafakt mahsulotlarni sotgan.

Oktabr oyida vazirlik kontrafakt dori vositalari yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligini ogohlantirdi.