BAA poytaxti Abu-Dabida “Masdar” va “Emirates Water and Electricity” kompaniyalari tomonidan dunyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.
Quyosh elektr stansiyasi kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun ishlaydi. Ya’ni u quyosh bo‘lmaganda ham doimiy ravishda energiya yetkazib beradi.
Stansiya 5,2 GVt quvvatga ega bo‘lib, Xitoyning hozirgi jahon rekordchisi (Power Construction Corp kompaniyasining 3,5 GVtli fermasi)dan sezilarli darajada yuqori.
Bunda, asosiy yuklanish rejimida va 19 GVt/soatlik akkumulyatorlarda energiya saqlash tizimini hisobga olgan holda, loyiha har kuni 1 GVtgacha elektr energiyasi yetkazib beradi. Bu 750 ming xonadonni ta’minlash uchun yetarli bo‘ladi.
AQSh Energetika vazirligining baholashiga ko‘ra, 1 GVt quvvat ishlab chiqarish uchun 1,887 mln quyosh paneli talab etiladi.
Shu ma’lumotdan kelib chiqib, Abu-Dabidagi loyiha uchun taxminan 10 mln panel kerak bo‘ladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu panellar 52,44 kvadrat kilometr yoki 10 mingta futbol maydonini qoplaydi.
“Masdar” bosh direktori ma’lum qilishicha, quyosh elektr stansiyasining qiymati $6 mlrd miqdorida bo‘ladi. Uning foydalanishga topshirilishi 2027-yilga rejalashtirilgan.
Bunda, “ferma"ni boshqarish istalgan vaqtda jarayonlarni nazorat qilish imkonini beradigan aqlli integratsiyalashgan tizim yordamida amalga oshiriladi.
Avvalroq “Spot” “Masdar” Navoiyda quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurishi haqida yozgandi.
Energetika vazirligi Bokuda bo‘lib o‘tgan COP29 konferensiyasi doirasida BAA kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.