Avvalroq O‘zbekistonda “Cyber university” davlat universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Prezident qarori bilan universitet to‘liq akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil davlat OTMi hisoblanishi hamda bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi.

Universitetda o‘quv jarayoni 2025-yilning sentabr oyidan boshlanib, talabalarni o‘qitish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida olib boriladi.

Bunda 2025/2026 o‘quv yili uchun bakalavriatura bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga 100 ta grant ajratiladi. Keyingi o‘quv yilidan esa bu davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari asosida belgilanadi.

Oliygohga qabul parametrlari universitet kuzatuv kengashi qarori bilan tasdiqlanadi. Kengash kiberxavfsizlik sohasi bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishi mumkin.

Shu bilan birga, kuzatuv kengashi har yili 1-aprelgacha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini tasdiqlashi va qabul jarayonlarini tashkil etish uchun davlat komissiyasiga taqdim etishi kerak.

Yangi oliygoh Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali o‘rnida tashkil etiladi. O‘z navbatida, filial faoliyati 2024/2025 o‘quv yili yakunlanganidan so‘ng tugatilib, talabalar o‘qishi TATUning tegishli kurslariga ko‘chiriladi. Ushbu filial xodimlari bilan bog‘liq mehnat munosabatlari esa belgilangan tartibda hal etiladi.

Bundan tashqari, universitet tarkibida ІT-klaster (IT-park va texnopark) tashkil etilib, ularda xorijiy tajriba asosida texnologik va innovatsion g‘oyalarga yo‘naltirilgan startap loyihalar yaratilib, amaliyotga joriy etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonning 4ta hududida texnika universitetlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. 35 ta muassasani yiriklashtirish orqali 22 ta texnika universiteti tashkil qilinadi, 17 ta muhandislik maktabi ochiladi.