Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning qayd etishicha, banklar bilan omonatlar bo‘yicha shartoma tuzgan jismoniy va yuridik shaxslarning omonatlari kafolatli himoya qilinadi.

Banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ Omonatlarni kafolatlash agentligi hisoblanadi hamda qonun loyihasida uning huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari hamda faoliyat ko‘rsatish tartibi belgilanmoqda.

Gadoyev 2008-yildagi moliyaviy inqirozlarning salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida omonatlarni to‘liq hajmda kafolatlash ayrim mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham vaqtincha qo‘llanilganini ta’kidladi. Avstraliya, Malayziya, Vengriya hamda Germaniya kabi davlatlar esa inqirozdan keyin omonatlarni cheklangan miqdorda kafolatlashga o‘tgan.

banklar, omonatlar, qonun loyihasi, qonunchilik, senat

Erkin Gadoyev. Foto: Oliy Majlis Senati

Hozirda omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimi 108 ta davlatdan faqat O‘zbekiston, Turkmaniston va Belarusda mavjud, boshqa davlatlarda esa kafolatlashning yuqori chegarasi o‘rnatilgan. Masalan, Turkiyada bu $14 mingni, Rossiyada $14,4 mingni hamda Ozarbayjonda $17,7 mingni tashkil etadi.

Qonun loyihasi bilan kafolatlangan omonatlarning cheklangan miqdorini 200 mln so‘mgacha belgilash taklif etilmoqda. Bunda bir omonatchiga har bir bankda kafolatlash obyektining qoldig‘i mazkur miqdorda yoki 200 mln so‘mdan kam bo‘lsa, to‘liq kompensatsiya to‘lanishi belgilanmoqda.

Bank tugatilganda omonatchilarga to‘lovni amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartiriladi. Bu 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab 20 ish kunini, 2026-yildan — 15 ish, 2027-yildan esa 7 ish kunini tashkil etadi.

Mablag‘lar Omonatlarni kafolatlash agentligi hisobidan qoplab beriladi. Bundan tashqari, kafolatlangan omonatlar miqdorini cheklash qonun kuchga kirgunga qadar ochilgan omonatlarga ta’sir qilmaydi.

Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablag‘larining agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, omonatchining bankdan talab qilish huquqi agentlikka o‘tkazilmoqda.

Agentlik kuzatuv kengashi 5 nafar a’zodan iborat bo‘lib, uning tarkibida Markaziy bank raisi, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari, hukumat va banklar assotsiatsiyasi tomonidan ikkita nomzod, shuningdek, fuqarolik institutlari vakili bo‘ladi.

Kafolatlangan omonatlarning cheklanishi

2024-yilning avgust kuni Qonunchilik palatasi omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchiqqonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan omonatlarni to‘liq himoya qilish bilan bog‘liq muammolar mavjudligi aniqlangan. Bunday yondashuv aholini “bankning moliyaviy ahvoli va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan” yuqori foiz stavkasida pul qo‘yishga undaydi.

Markaziy bank yuqori chegaraning belgilanishi natijasida omonatchilarning 99,7%i to‘liq qamrab olinishini bildirdi. Kompensatsiya miqdori fuqarolarning qonun kuchga kirgan sanadan oldin ochilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

“Spot” cheklashning maqsadga muvofiqligi, belgilangan chegaraning yetarliligi va bank tizimi uchun xatarlar haqida mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Ekspertlar regulyator tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, yuqori chegarani oshirishni taklif qilishdi.

Avvalroq Markaziy bank 3ta moliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi. “Nur Lombard” o‘z faoliyatini ixtiyoriy tugatgani uchun lombardlar reyestridan chiqarildi.