24-yanvar kuni oltin quymalar narxi yana rekord darajaga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Bir gramm oltin 1 193 230 so‘mga yoki o‘tgan kunga nisbatan 0,84%ga qimmatroq baholanmoqda. 5 grammlik quyma 5 mln 966 ming so‘mdan sotilmoqda va yilning dastlabki uch haftasida 5,4%ga qimmatlashgan.
17-yanvardan Markaziy bank 100 gramm og‘irlikdagi o‘lchov quymalarini sotuvga chiqardi. Regulyatorning ta’kidlashicha, bu aholi uchun investitsiya imkoniyatlarini oshiradi.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 966 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 932 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 23 mln 865 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 59 mln 661 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 119 mln 323 ming so‘mni tashkil qiladi.
Qimmatbaho metallning jahon kotirovkalari yana eng yuqori qiymatlarga yaqinlashmoqda. Troya unsiyasi $2773ga baholanmoqda (grammi $89,16ga teng) va bu kunlik 0,5%lik o‘sishni anglatadi.