Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan Mehnat kodeksiga mehnat jarayonlarida tazyiq va zo‘ravonliklarni taqiqlash, ularning oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga mehnat ta’tili berilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, farzand tug‘ilishi munosabati bilan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda, qo‘shimcha ta’til berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Tegishli qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
2024-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Qonun loyihasi bilan ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda.
Xususan, davlat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, mehnat daftarchalarini hamda jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.
Shuningdek, xomiladorlik sabab ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish yoki ish haqini kamaytirishni taqiqlash belgilanmoqda.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilishi haqida yozgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyasini ratifikatsiya qiluvchi qonunni ma’qulladi.
Qayd etilishicha, mazkur hujjat har bir xodim har yili kamida 3 hafta ta’til olish huquqiga ega bo‘lishini nazarda tutadi.