2024-yilda O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 357 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqida Statistika agentligi ma’lum qildi.
Otgan yilning yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 17,4%ga o‘sgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 9 mln 072 ming so‘m (21,4%).
Undan keyingi o‘rinlarda 6 mln 766 ming so‘m bilan Navoiy hamda 5 mln 99 ming so‘m bilan Toshkent viloyatlari turibdi.
Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa 3 mln 785 ming so‘m bilan Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan.
Hududlar bo‘yicha korxona va tashkilot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi:
№ | Hududlar | O‘rtacha oylik ish haqi | 2023-yilning birinchi yarmiga nisbatan o‘sish |
1 | Toshkent shahri | 9 072 400 so‘m | 21,4% |
2 | Navoiy viloyati | 6 766 100 so‘m | 15% |
3 | Toshkent viloyati | 5 097 900 so‘m | 122% |
4 | Andijon viloyati | 4 616 100 so‘m | 14,9% |
5 | Buxoro viloyati | 4 343 900 so‘m | 12% |
6 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 4 317 300 so‘m | 14,1% |
7 | Xorazm viloyati | 4 263 700 so‘m | 13,2% |
8 | Sirdaryo viloyati | 4 235 100 so‘m | 16,7% |
9 | Samarqand viloyati | 4 022 300 so‘m | 17,6% |
10 | Jizzax viloyati | 3 976 200 so‘m | 14,5% |
11 | Farg‘ona viloyati | 3 965 600 so‘m | 15,1% |
12 | Namangan viloyati | 3 869 200 so‘m | 16,5% |
13 | Surxondaryo viloyati | 3 810 300 so‘m | 12,4% |
14 | Qashqadaryo viloyati | 3 785 700 so‘m | 12,2% |
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 15,263 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa (13,1 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohalari (8,11 mln so‘m) turibdi.
Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoat sohasida 6,43 mln so‘mni, savdoda 6,23 mln so‘mni hamda qurilishda 5,9 mln so‘mni tashkil etgan.
Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3,6 mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,4 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.
Axborot va aloqa sohasi
Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 18,3 mln so‘m;
- axborot xizmatini ko‘rsatish — 17 mln so‘m;
- aloqa sohasi — 10,9 mln so‘m;
Moliya va sug‘urta sohasi
Bunda eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari faoliyati va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatida qayd etilgan — 16,9 mln va 16,5 mln so‘m.
Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minoti xizmatlarda (15 mln so‘m) kuzatilgan.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar
Bu sohada o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 8,5 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,96 mln so‘m.
Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 3,75 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 3,58 mln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (6,09 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (3,02 mln so‘m) qayd etilgan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ham eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentga to‘g‘ri keladi — 4,3 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,6 mln so‘m) kuzatilgan.