Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev birinchi yarim yillikka qadar O‘zbekistondagi xorijiy marketpleyslarni qonuniylashtirishga chaqirdi. Bu haqda u 23-yanvar kuni “Sputnik” matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Temu” xorijiy platformasi o‘zining tajovuzkor marketing strategiyasi bilan mashhur. 2023-yilda kompaniya reklamaga $4 mlrd sarflagan bo‘lsa, 2024-yilda bu miqdor $10 mlrdga yetishi kutilmoqda.

“Tasavvur qiling-a, nima sababdan „Temu“ reklamasi ilovaning har bir sahifasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘layotganini. Ular butun dunyo bo‘ylab yangi bozorlarga kirib borish uchun tajovuzkor usullardan foydalanmoqda,” — deya ta’kidladi u.

Uning ta’kidlashicha, platformadagi past narxlar soliq majburiyatlarini bajaradigan va qonun talablariga rioya qiladigan mahalliy tadbirkorlarga jiddiy raqobat yaratmoqda.

2025-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda xalqaro platformalar uchun yangi qoidalar kuchga kiradi. Asosiy talab — respublikada o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rezident yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish.

U shuningdek, foydalanuvchilar har chorakda $1000gacha bo‘lgan tovarlarni chet eldan bojsiz buyurtma qilish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tdi. “Bu har bir fuqaromizning huquqi. Biz uni cheklay olmaymiz va cheklamaymiz,” — deya ta’kidladi u.

Biroq, “Temu” va boshqa xorijiy onlayn savdo platformalari yangi qoidalarga moslashishga majbur bo‘ladi.

temu, marketpleys, napp, ilma, elektron tijorat

Platformalar yangi talablarga moslashmaganda, nazorat organlari va boshqa davlat idoralari tomonidan choralar qo‘llanilishi mumkin.

“ILMA xizmatlarni o‘z-o‘zidan to‘sib qo‘ymaydi. Biroq, kompaniyalar belgilangan muddatlar o‘tganidan keyin ham mahalliy qonunchilikni butunlay e’tiborsiz qoldirsalar, albatta choralar ko‘riladi. Bu ularning faoliyatini cheklashdan tortib xizmatlarni to‘sib qo‘yishgacha bo‘lgan choralarni o‘z ichiga olishi mumkin. Ammo bunday harakatlarni tegishli davlat tuzilmalari amalga oshiradi,” — deb tushuntirdi Kamronbek Muhammadiyev.

Uning aytishicha, bloklashdan avval nazorat organi tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladigan xabarnoma yuboradi. Faqat barcha holatlar sinchiklab o‘rganilgandan so‘nggina bloklash haqida qaror qabul qilinishi mumkin.