Majburiy ijro byurosi Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi tijorat binosini kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion ma’lumotlarida keltirilgan.
2006-yilda qurilgan yerto‘lali uch qavatli bino Oqto‘pa maydoni yaqinidagi Samarqand Darvoza ko‘chasida joylashgan. Suratga ko‘ra, bu yerda Tanho Grand restorani (banket zali), shuningdek, tamaddixona mavjud.
Obyekt umumiy maydoni 2115 kvadrat metr, foydali maydoni esa 1673 kvadrat metr bo‘lgan xonalardan iborat. Barcha kommunikatsiyalar — gaz, elektr energiyasi, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud. Hududda 37 kvadrat metrlik ro‘yxatga olinmagan qurilma ham bor.
Lotning boshlang‘ich narxi 6 mlrd so‘m, zakalat puli esa 300 mln so‘mni tashkil etadi.
Auksion 17-fevral kuni soat 10:00da boshlanadi, arizani shu kuni soat 9:00gacha topshirish mumkin.
Lot fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2022-yil iyundagi qaroriga (ijro hujjati 4−1102−2302/1721) asosan sotuvga qo‘yilgan.
Avvalroq “Spot” auksionda eng qimmat “chiroyli” avtoraqam 509 mln so‘mga sotilgani haqida yozgandi.
O‘tgan yilning dekabr oyida eng qimmat avtoraqam 965,3 mln so‘mga xarid qilingandi.