Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohalarida qayta ishlash zanjirlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unda kelgusi yillarda eksport bo‘yicha maqsadlar belgilangan.
Shuningdek, hujjat bilan Savdo-sanoat palatasining Savdoni rivojlantirish kompaniyasi qoshida faktoring tashkilotini tuzish tashabbusi ma’qullandi. Yangi korxonaning ustav kapitali 10 milliard so‘mni tashkil etadi.
Savdoni rivojlantirish kompaniyasi to‘qimachilik sanoati uchun faktoring va lizing xizmatlarini, shuningdek xom ashyo xarid qilish va sotishni moliyalashtirishni tashkil etadi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ushbu maqsadlar uchun yillik 4% stavka bilan, 5 yil muddatga $100 mln ajratadi.
Tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini yetkazib beruvchi korxonalarga paxta ipining eksport yig‘imlari bo‘yicha undirilgan qarzdorlik hisobidan subsidiyalar beriladi. Ushbu subsidiyalar miqdori eksport qilingan mahsulotlar hajmiga mos ravishda belgilanadi.
2020-yilda joriy etilgan eksport qiluvchilarga savdo va eksportdan oldingi operatsiyalarni moliyalashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ ajratish amaliyoti bekor qilinadi. Buning o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi investitsiya bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan shartlar asosida kreditlash uchun banklarga mablag‘ ajratishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, 2028-yil 1-yanvarigacha tikuvchilik-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik korxonalari uchun muhtoj oilalardan ishchi yollaganlik uchun imtiyozlar joriy etilishi belgilanmoqda. Foyda solig‘i stavkasi 2%ni, ijtimoiy soliq stavkasi 1%ni tashkil etadi.
Buning uchun ijtimoiy himoya reyestridagi yoki kambag‘al oilalar reyestridagi xodimlar soni:
- xodimlarning umumiy soni 1000 nafardan kam bo‘lsa — kamida 15%;
- kamida 150 kishi — 1000−1500 nafar xodim bilan;
- kamida 10% — 1500 va undan ortiq xodim bo‘lganda.
Ushbu xodimlarning o‘rtacha oylik maoshi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (2,3 mln so‘m) kam bo‘lmasligi kerak. Agar xodim reyestrdan chiqarilgan bo‘lsa, imtiyoz 6 oy davomida amal qiladi.
Namangan viloyatida 30 gektar maydonda tayyor kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or matolarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan to‘qimachilik sanoat zonasini barpo etish vazifasi yuklatildi. Ushbu hududda Xitoy, Janubiy Koreya va Turkiya tajribasiga asoslanib, ikki va uch qavatli ishlab chiqarish sexlarini qurish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq “Spot” 2026-yilgacha to‘qimachilik korxonalari ayrim soliqlardan ozod etilishi haqida yozgandi.
1-maydan boshlab barqarorlik reytingida yuqori toifaga ega to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishidagi tadbirkorlarda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.