Rossiyada veyplar va ular uchun suyuqliklarni sotishni to‘liq taqiqlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Vedomosti” nashri Davlat dumasi deputatlariga tayanib xabar berdi.

2023-yil dekabr oyida Rossiya parlamentining quyi palatasi (Davlat dumasi) voyaga yetmaganlarga tamaki va nikotinli mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalar to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Summalar jismoniy shaxslar uchun 50 mingdan 80 ming rublgacha va yuridik shaxslar uchun 2 mln rublgacha o‘zgarib turadi. Biroq, deputatlar ta’kidlaganidek, bu qonun muammoni to‘liq hal qila olmadi.

Shu munosabat bilan Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin elektron sigaretalarni butunlay taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirishga chaqirdi. Muhokamani 2025-yilning iyuliga qadar yakunlash topshirildi.

Davlat dumasining Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, uning yoshlar salomatligini himoya qilishdagi ahamiyatini ta’kidladi.

“Biz umuman olganda [veyplarni] butunlay taqiqlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu haqda bir necha bor, jumladan qo‘mitada ham aytganmiz… Afsuski, moliyaviy-iqtisodiy blok bilan bog‘liq muammolar mavjud. Hozircha bu masalaga yechim topilgani yo‘q,” — dedi qo‘mita raisi Sergey Leonov.

Uning aytishicha, bu qadam ayniqsa o‘smirlar orasida ommalashib borayotgan nikotin tarkibli mahsulotlarning zararini kamaytirish imkonini beradi. U ta’kidlaganidek, veyplar uchun aksizlar Rossiya byudjetiga taxminan 10 mlrd rubl keltirmoqda, ammo bu yetkazilayotgan zararni qoplamaydi.

rossiya, taqiq, veyp

Davlat dumasi Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi alkogolsiz pivo va bolalar uchun mo‘ljallangan shampan vinolarining yoshlar salomatligiga ko‘rsatadigan ta’sirini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Sergey Leonovning ta’kidlashicha, agar ushbu mahsulotlarning salbiy ta’siri isbotlansa, qonunchilik choralari ularga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

Taqiqlash choralari

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida veyplarga nisbatan choralarni kuchaytirish tendensiyasi kuzatilmoqda. Ushbu tashabbuslarning maqsadi yoshlar salomatligini muhofaza qilish va atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurashishdan iborat.

2025-yil 1-iyundan boshlab Buyuk Britaniya bir martalik veyplarni sotishni taqiqlaydi. Bu qaror o‘smirlar orasida qurilmalarning ommalashuvi bilan bog‘liq. O‘tgan yili 11−15 yoshli britaniyalik maktab o‘quvchilarining to‘rtdan bir qismi veyplardan foydalangan va aksariyati bir martalik modellarni tanlagan.

Qirg‘izistonda ham xuddi shunday taqiq kuchga kiradi. Qonun tarkibida nikotin suyuqligi bo‘lgan elektron sigaretalarni olib kirish, sotish va ulardan foydalanishni taqiqlaydi. Qoidabuzarliklar uchun $2300gacha jarima, noqonuniy olib kirish uchun esa axloq tuzatish ishlari yoki qamoq jazosi bilan tahdid qilinadi.

O‘zbekistonda veyplarni taqiqlash masalasi 2024-yilning aprel oyidan beri muhokama etilmoqda. O‘sha paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi ularni mamlakatga olib kirish va sotishni taqiqlashni taklif etgan edi.

2025-yilning yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ushbu taklif yuzasidan muhokamasini qayta boshladi. Yangi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullandi, biroq keyinchalik unga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda, veyplarni sotish va olib kirish uchun ma’muriy va jinoiy jazolar joriy etiladi. Biroq taqiq tamaki isitish tizimlariga ta’sir qilmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbus yoshlar va ayollarni tobora ommalashib borayotgan veyplardan himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.