Qatar o‘zbekistonliklar uchun mamlakatdagi ish o‘rinlari sonini oshiradi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dohada agentlik, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi mutasaddilaridan iborat delegatsiya bilan Qatar mehnat vaziri o‘rinbosari Shayna Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Konstruktiv kechgan muloqotda Qatar tomoni mamlakatda ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini, O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshirish imkoniyati borligini ta’kidladi.
“Hozirda Qatarda 560 nafar o‘zbekistonlik turli sohalarda mehnat qilmoqda. Biroq bu tomonlar o‘rtasidlagi mavjud salohiyatni namoyon etmaydi. Buni bir necha karraga oshirish imkoniyati bor. Shundan kelib chiqib, biz O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha hamkorlikga, mamlakat fuqarolari uchun kvotalar sonini keskin oshirishga tayyormiz”, — dedi Qatar mehnat vaziri o‘rinbosari.
Uchrashuvda Migratsiya agentligi hamda Qatarning “Jusour” rekruting kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat tibbiyot, turizm, mehmonxona biznesi, IT hamda muhandislik kabi sohalar mutaxassislarini mamlakat bozoriga yo‘naltirishni nazarda tutadi.
Kelishuv doirasida Qatarda ishlamoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun O‘zbekistonda til va kasbga tayyorlash bo‘yicha loyiha amalga oshiriladi. Tomonlar “Jusour” kompaniyasining ish beruvchilar tarmog‘i bilan hamkorlik salohiyati orqali ish o‘rinlarini tezkor topish va joylashtirishni ko‘zda tutgan.
Avvalroq Migratsiya agentligi Yaponiyaning JICA agentligi bilan “Japan Career” portalini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. Portalda mamlakatdagi mehnat migratsiyasi, ta’lim va yashash imkoniyatlari haqida o‘zbek, rus va yapon tillarida ma’lumotlar berib boriladi.