23-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasining Ma’lumotlarni qayta ishlash va dasturiy tizimlarni takomillashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Diyorbek Nishonov elektr energiyasi tariflari nima uchun oshirilayotganiga izoh berdi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.
U o‘tgan yili qabul qilingan hukumat qarori bilan 2024−2025 yillarda narxlar oshirilishi ko‘rsatib o‘tilganini, 2018-yildan buyon elektr energiyasi uchun tariflar oshmaganini ta’kidlab, buni mamlakatda ijtimoiy qatlamga ko‘proq e’tibor qaratilganligi bilan izohladi.
“Tariflar ancha muddat oshirilmadi. Lekin, endi amalga oshirilayotgan ishlarni tezlashtirish, shu jumladan, transformator punktlarini yangisiga almashtirish hamda mavjud quvvatlarni oshirish mablag‘ talab etadi. Bu narxlarning oshirilishini talab qildi”, — dedi Diyorbek Nishonov.
Shuningdek, u narxlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” belgilamasligini, kompaniya tahliliy ma’lumotlarni taqdim etishini, narxlarni ko‘rib chiqish esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilishini tushuntirdi.
Narxlarni belgilashda takliflar manfaatdor tashkilotlar, shu jumladan, “Hududiy elektr tarmoqlari”, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqalar tomonidan ishlab chiqiladi.
“Kompaniya o‘tgan yil davomida iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori hamda ijtimoiy norma doirasida iste’molchilarning oylik yoki yillik iste’mol hajmlari qanday me’yorlarga to‘g‘ri kelishini tahlil qiladi va [tegishli tashkilotlarga] taqdim etadi. Shundan kelib chiqib [tariflar] belgilanadi”, — deya xulosa qildi HET departamenti direktori o‘rinbosari.
HET matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyevning qo‘shimcha qilishicha, mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 20−30%i aholiga yo‘naltiriladi. Ijtimoiy norma doirasida 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qiluvchilar soni esa jami abonentlarning 60−70%ini tashkil etadi.
Energiya narxlarining oshirilishi
2023-yilning 1-oktabridan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi.
O‘tgan yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. 2025-yilning 1-aprelidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir tariflar oshirilishi fonida elektr va gaz iste’moli kamayganini ma’lum qildi.
Fan doktori Behzod Hoshimov “Spot” bilan suhbatda tariflarni oshirish yechim emasligini, energetika sohasini isloh qilish zarurligini qayd etgandi.
Iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ijtimoiy norma doirasida gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlarning uchdan bir qismini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Oktabr oyida esa Energetika vaziri gazlashmagan xonadonlar uchun chegirma berishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini aytib, uni 2025-yildan joriy etishga va’da bergandi. Biroq hali ham bu tartib joriy etilgani yo‘q.
Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga isitish mavsumida gaz va elektr xarajatlarini qisman qoplashga bir martalik kompensatsiya beriladi. Uning miqdori 270 ming so‘mni tashkil etadi.
Dekabr oyida Qo‘chqorov energiya resurslari tariflari oshirilishi uchun aholi daromadi ham shunga yarasha bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir, sohani subsidiyalashga budjetdan mablag‘ ajratilishini haligacha tariflar xarajatlarni to‘liq qoplash darajasiga chiqmagani bilan izohladi. Subsidiyalash 2028-yildan to‘xtatila boshlanadi.