2024-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda ipoteka krediti oluvchilar soni sezilarli darajada kamaydi, deya xabar beradi Markaziy bank.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida respublika bo‘yicha jami 17,09 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi, bu 2023-yilga nisbatan 1,38%ga ko‘pdir.
Shu bilan birga, ipoteka kreditlari qoldig‘i 67,7 trln smni tashkil etib, bir yilda atigi 9,5 trln so‘mga ko‘paydi.
Ipoteka oluvchilar soni 16%ga — 68,3 mingdan 58,8 ming kishiga kamaydi. Kreditning o‘rtacha miqdori 17,8%ga oshib, 290 mln so‘mdan oshdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 9,54 trln so‘mlik (2023-yil darajasiga yaqin) ipoteka kreditlarini moliyalashtirdi. Buning natijasida umumiy kredit ajratishdagi davlat ulushi 56,6%dan 55,8%gacha pasaydi. Shuningdek, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ham ipoteka kreditlari ajratishni 1 mlrd so‘mga qisqartirdi.
O‘z navbatida, ipoteka kreditlashda banklarning roli oshdi. 2023-yilga nisbatan banklar tomonidan ipoteka kreditlarini moliyalashtirish 261,6 mlrd so‘mga ko‘payib, ularning kreditlar berishdagi ulushi 33,8%dan 34,9%gacha yetdi.
Ipoteka berish bo‘yicha mutlaq yetakchi 5,57 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda (11,4% o‘sish). Shunday qilib, jami ipoteka kreditlashning uchdan bir qismi poytaxtga to‘g‘ri keldi.
Ikkinchi o‘rinda Farg‘ona viloyati joylashgan bo‘lib, u yerda aholi 1,386 trln so‘mlik ipoteka oldi (o‘sish 4%). Shuningdek, beshtalikka Samarqand (1,382 trln so‘m, +14%), Andijon (1,25 trln so‘m, +20,3%) va Navoiy viloyatlari (1,02 trln so‘m, -17,9%) kirdi.
Toshkent viloyati beshlikdan chiqdi, chunki ipoteka krediti deyarli uchdan bir qismga — 867,3 mlrd so‘mga qisqardi. Mamlakatning aksariyat boshqa hududlarida ajratilgan kreditlar hajmi 700 mlrd so‘mdan oshmadi.
Birlamchi bozorda barcha kreditlar hajmining 66%i ajratilgan bo‘lib, bu 2023-yilga nisbatan 7% bandga ko‘proqdir.
Ipoteka qarz oluvchilarining taxminan uchdan ikki qismi yoki 36 mingdan ko‘prog‘ini erkaklar tashkil etgan. Shuningdek, kreditlarning 68%i 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga, 22%i 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga, qolgan 10%i esa 50 yoshdan oshgan shaxslarga berilgan.
Avvalroq “Spot” o‘zbekistonlik migrantlarga ipoteka krediti berish tizimi yaratilishi haqida yozgandi.
Prezident olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolar daromadi hisobga olinadigan tizim yaratishni topshirdi.