Tailandga havo, yer usti yoki dengiz transportida kelgan barcha chet elliklar uchun TM6 onlayn formasini to‘ldirish bepul va majburiy bo‘ladi, deb yozadi “Bangkok Post” qirollik Turizm va sport vazirligiga tayanib.

TM6 shakli — xorijliklar tomonidan to‘ldiriladigan kirish va chiqish kartochkasi. Unda pasport ma’lumotlari, sayohat haqidagi ma’lumotlar va sayyohning kontaktlari ko‘rsatiladi.

2022-yil iyul oyida Tailandga samolyotda keladigan sayohatchilar uchun uni to‘ldirish bekor qilingandi.

Tailand hukumati 2024-yilning 15-aprelidan 15-oktabrigacha davlat chegarasidagi 16ta quruqlik va dengiz o‘tish punktlarida TM6 immigratsiya shaklini to‘ldirish talabini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.

“Bangkok Post” nashrining qayd etishishicha, hukumat 2025-yil 1-maydan boshlab vizasiz rejim joriy etilgan mamlakatlar fuqarolari uchun elektron kirish ruxsatnomasini (ETA) joriy qilish rejalaridan voz kechib, TM6 shaklidan foydalanishga qaytishga qaror qildi.


Avvalroq “Spot” endi o‘zbekistonliklar Tailandga uzoq muddatli vizani onlayn olishlari mumkinligi haqida yozgandi.

Fuqarolar elektron viza olishda barcha hujjatlarini, jumladan, pasportining asl nusxasini elektron shaklda taqdim etishi mumkin.